41-modda. Jamiyatni boshqarish organlarining qarorlari ustidan shikoyat berish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin. Agar jamiyat ishtirokchisi shikoyatga sabab boʻlgan qarorni qabul qilgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan boʻlsa, mazkur ariza shunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkin.
Sud ishning barcha holatlarini hisobga olgan holda, agar ariza bergan jamiyat ishtirokchisining ovozi ovoz berish natijalariga taʼsir koʻrsata olishi mumkin boʻlmasa va (yoki) yoʻl qoʻyilgan qoidabuzarlik jiddiy boʻlmasa va (yoki) qaror jamiyatning ana shu ishtirokchisiga zarar yetkazmagan boʻlsa, shikoyatga sabab boʻlgan qarorni oʻz kuchida qoldirishga haqlidir.
Jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat ana shu ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
