36-modda. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinadigan qarori
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori yigʻilishni oʻtkazmay (kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish va ovozga qoʻyilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish uchun jamiyat ishtirokchilari birgalikda hozir boʻlmay) sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinishi mumkin. Bunday ovoz berish pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki uzatib beriladigan va qabul qilinadigan xabarlarning toʻgʻri boʻlishini va ularning hujjatlar bilan tasdiqlanishini taʼminlovchi boshqa aloqa vositasida hujjatlarni ayirboshlash yoʻli bilan oʻtkazilishi mumkin.
Ushbu Qonun 30-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan masalalar yuzasidan jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarori sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilinishi, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, mumkin emas.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilish chogʻida ushbu Qonun 34-moddasining ikkinchi, oltinchi, yettinchi va sakkizinchi qismlari, shuningdek ushbu Qonun 33-moddasi birinchi, uchinchi, beshinchi va yettinchi qismlarining qoidalari ularda nazarda tutilgan muddatlarga oid qismida qoʻllanilmaydi.
Sirtdan (soʻrov yoʻli bilan) ovoz berish tartibi taklif qilinayotgan kun tartibini jamiyatning barcha ishtirokchilariga xabar qilishning majburiyligini, jamiyatning barcha ishtirokchilari ovoz berish boshlangunga qadar barcha zarur axborot va materiallar bilan tanishib chiqishi imkoniyatini, kun tartibiga qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritish imkoniyatini, ovoz berish boshlangunga qadar jamiyatning barcha ishtirokchilariga oʻzgartirilgan kun tartibini, shuningdek ovoz berish taomilining tugash muddatini xabar qilishning majburiyligini nazarda tutgan boʻlishi kerak.
