30-modda. Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining vakolatlari jamiyatning ustavi bilan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
jamiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, shuningdek tijorat tashkilotlarining boshqa birlashmalarida ishtirok etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
jamiyat ustav fondining (ustav kapitalining) miqdorini oʻzgartirish;
taʼsis hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish;
jamiyatning ijro etuvchi organlarini tuzish va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
jamiyatning taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash va uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
agar jamiyatning ustavida kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilgan boʻlsa, uni saylash va uning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
yillik hisobotlarni va yillik buxgalteriya balanslarini tasdiqlash;
jamiyatning sof foydasini jamiyat ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
jamiyat organlarining faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni tasdiqlash (qabul qilish);
auditorlik tekshiruvini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, auditorlik tashkilotlari hamda ularning xizmatlariga toʻlanadigan haqning eng koʻp miqdorini aniqlash;
boshqa yuridik shaxslarni, vakolatxonalar va filiallarni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
jamiyatni qayta tashkil etish yoki tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
tugatuvchini tayinlash va tugatish balanslarini tasdiqlash;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal qilish.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, uning tomonidan jamiyatning kuzatuv kengashi hal etishi uchun, shuningdek jamiyatning ijro etuvchi organi hal etishi uchun topshirilishi mumkin emas.
