26-modda. Jamiyatning foydasini jamiyat ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlashdagi cheklashlar. Jamiyatning foydasini jamiyat ishtirokchilariga toʻlashdagi cheklashlar
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat quyidagi hollarda oʻz foydasini jamiyat ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli emas:
jamiyatning butun ustav fondi (ustav kapitali) toʻliq toʻlangunga qadar;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda jamiyat ishtirokchisi ulushining (ulushi bir qismining) haqiqiy qiymati toʻlangunga qadar;
agar bunday qarorni qabul qilish paytida jamiyat qonunga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik belgilariga javob bersa yoki agar mazkur belgilar jamiyatda shunday qaror qabul qilinishi natijasida paydo boʻlsa;
agar shunday qarorni qabul qilish paytida jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan) va zaxira fondidan kam boʻlsa yoki shunday qaror qabul qilinishi natijasida ularning miqdoridan kamroq boʻlib qolsa;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Jamiyat oʻz ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan quyidagi hollarda jamiyat ishtirokchilariga foydani toʻlashga haqli emas:
agar toʻlash paytida jamiyat qonunga muvofiq toʻlovga qobiliyatsizlik belgilariga javob bersa yoki agar mazkur belgilar jamiyatda toʻlov natijasida paydo boʻlsa;
agar toʻlash paytida jamiyatning sof aktivlari qiymati uning ustav fondidan (ustav kapitalidan) va zaxira fondidan kam boʻlsa yoki toʻlash natijasida ularning miqdoridan kamroq boʻlib qolsa;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan holatlar tugaganidan keyin jamiyat oʻz ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan foydani toʻlashi shart.
