16-modda. Kredit axborotini kredit byurolariga taqdim etish
Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida (O‘RQ-301-son) · Sana: 04.10.2011 · Amalda
Kredit axboroti kredit axborotini yetkazib beruvchilar tomonidan kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnoma asosida kredit byurolariga taqdim etiladi.
Qonunchilikka muvofiq taqdim etilishiga ruxsat berilgan axborotni:
banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi toʻlov tashkilotlari — Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga;
lizing, sugʻurta tashkilotlari, tovar isteʼmol kreditlarini beruvchi tashkilotlar — kredit byurolariga taqdim etishi shart.
Kredit axboroti, qoida tariqasida, elektron shaklda taqdim etiladi. Kredit axborotining qogʻozda taqdim etilishi kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
Kredit axborotini yetkazib beruvchilar kredit axborotini kredit byurolariga kredit axboroti subyektining roziligisiz taqdim etadi.
Kredit byurolari kredit axboroti subyektining roziligisiz oʻzaro kredit axborotini almashishi mumkin.
Kredit axborotini belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etish tijorat, bank sirining yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning buzilishi deb hisoblanmaydi.
