27-modda. Tibbiy-sanitariya taʼminoti
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Qamoqda saqlash joylarida davolash-profilaktika va sanitariya, epidemiyaga qarshi ishlar qonunchilik muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi. Mazkur joylar maʼmuriyati ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarning sogʻligʻini saqlashni taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena talablarini bajarishi shart.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yoki psixiatriya yordami koʻrsatilishi zarur boʻlgan hollarda, shuningdek qamoqqa olinganlarga Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha statsionar sud-tibbiy yoxud sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan taqdirda, ular davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga joylashtiriladi. Bunda ularni qoʻriqlash va xulq-atvorini nazorat qilish taʼminlanadi. Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joyi hududidan tashqariga olib chiqish jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ bilan kelishiladi. Ushlab turilgan va qamoqqa olinganga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlganda ularni davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiy muassasalariga olib chiqish qamoqda saqlash joyi boshligʻining yozma ruxsati bilan amalga oshirilib, keyinchalik jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs yoki organ yozma ravishda xabardor qilinadi.
Ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan qamoqda saqlash joylarida tan jarohatlari olganda qamoqda saqlash joylarining tibbiy xodimlari tomonidan kechiktirmasdan tibbiy guvohlantirish oʻtkaziladi. Tibbiy guvohlantirish natijalari belgilangan tartibda qayd etiladi va jabrlanuvchiga maʼlum qilinadi. Tibbiy guvohlantirish qamoqda saqlash joyi boshligʻining yoxud jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsning yoki organning shaxsiy tashabbusiga yoxud ushlab turilganning yoki qamoqqa olinganning yoxud uning himoyachisining iltimosiga koʻra chiqarilgan qarori asosida davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Tibbiy guvohlantirishni oʻtkazishning rad etilishi ustidan prokurorga shikoyat qilinishi mumkin.
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarga tibbiy yoki psixiatriya yordami koʻrsatish, dori vositalari berish, tibbiy guvohlantirish oʻtkazish, sanitariya nazoratini tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek bunday shaxslarni tibbiy muassasalarda saqlash hamda davlat sogʻliqni saqlash tizimining tibbiy muassasalari xodimlarini ularga xizmat koʻrsatishga jalb etish tartibi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
