23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), uning oʻrinbosarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning qamoqda saqlash joylariga borishi
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), uning oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari (bundan buyon matnda mintaqaviy vakillar deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish, shuningdek ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxs bilan uchrashish va suhbatlar oʻtkazish huquqiga ega.
Qamoqda saqlash joyining maʼmuriyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakiliga (ombudsmanga), uning oʻrinbosariga, mintaqaviy vakillariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilga ushlab turilganlar, shuningdek qamoqqa olinganlar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), uning oʻrinbosarining, mintaqaviy vakillarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Bola huquqlari boʻyicha vakilining (Bolalar ombudsmanining) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar bilan uchrashuvlari va suhbatlari qamoqda saqlash joyi xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi.
