19-modda. Arizalar, takliflar va shikoyatlar yuborish tartibi
Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida (O‘RQ-298-son) · Sana: 29.09.2011 · Amalda
Ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlar qamoqda saqlash joyi maʼmuriyatiga, davlat organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalariga oʻz ona tilida yoki boshqa tilda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish hamda murojaat etilgan tilda belgilangan tartibda yozma javoblar olish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qamoqda saqlash joyi maʼmuriyati orqali yuboriladi, bundan ushlab turilganlar va qamoqqa olinganlarni shaxsan qabul qilish vaqtida qamoqda saqlash joylarining faoliyatini nazorat qiluvchi yoki tekshiruvchi mansabdor shaxslar tomonidan olingan murojaatlar mustasno.
Sud, prokuror, himoyachi yoki qamoqda saqlash joylarini tekshirish huquqiga ega boʻlgan davlat organlari nomiga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga yoʻllangan arizalar, takliflar va shikoyatlar senzuradan oʻtkazilmaydi hamda berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay muhrlangan tarzda adresatga yuboriladi yoki topshiriladi. Boshqa davlat organlari va tashkilotlari nomiga yoʻllangan arizalar, takliflar va shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxsga yoki organga topshiriladi, ular tomonidan qarab chiqiladi hamda oʻsha muddatda adresatga yuboriladi. Murojaat adresatga yuborilganligi toʻgʻrisidagi ilova xatning koʻchirma nusxasi ushlab turilganga yoki qamoqqa olinganga eʼlon qilish uchun qamoqda saqlash joyiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning nomiga yuborilgan shikoyatlar muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas hamda oluvchiga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning javobi muassasa maʼmuriyati tomonidan koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arizachiga darhol yetkazib beriladi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining yoki tergovchining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar berilgan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay qamoqda saqlash joyi maʼmuriyati tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organga, surishtiruv organiga, tergov organining boshligʻiga yoxud prokurorga, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar esa yuqori turuvchi prokurorga yuboriladi yoki topshiriladi.
