Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish va muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (211-son)
07.10.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2008-yil 30-oktabr 20-15-355/13-son]
Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi, 1993-yil 6-maydagi “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi № 323 “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish va muhofaza qilish qoidalari tasdiqlansi.
2. Ushbu Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olinganidan soʻng oʻn kun oʻtgach kuchga kiritilsin.
Boshliq I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-oktabr,
211-son
“Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasining 2008-yil 7-oktabr 211-sonli buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
MAʼDANLI SUV VA ShIFOBAXSh BALChIQ KONLARINI QAZIB OLISh VA MUHOFAZA QILISh
QOIDALARI
Mazkur qoidalar “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarning sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi, “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi va “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2004-yil 10-iyul 323- sonli qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ushbu qoidalar maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini toʻgʻri qazib olish, ularni ifloslanish, buzilish va barvaqt tugab qolishdan muhofaza qilish, yer qaʼridan olingan mineral suv va shifobaxsh balchiqlardan oqilona foydalanishga yagona talablarni belgilaydi, shuningdek foydalanishda sanoat xavfsizligini taʼminlash, avariyalar, ishlab chiqarishdagi shikastlanishlarni oldini olishga qaratilgan talablarni belgilab beradi.
Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish, maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq qazib olish va ishlatish obyektlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, tugatish va konservatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi barcha vazirlik va idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun (ularning mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) majburiydir.
I. Umumiy qoidalar.
1. Maʼdanli suv deganda biologik faol xususiyatga ega va tarkibida kimyoviy komponentlar (shu jumladan radioaktiv), organik moddalar, gazlar miqdori yuqori boʻlganligi yoki yuqori harorati natijasida inson organizmiga fiziologik taʼsir koʻrsatadigan yer osti suvlari tushuniladi.
Shifobaxsh balchiqlar deb yupqadispersli tuzilma, mazsimon konsistensiyaga ega boʻlgan suv, mineral va odatda organik moddalardan iborat boʻlgan hozirgi yoki geologik jihatdan yosh tabiiy hosilalar aytiladi, shuning uchun ular davolash maqsadida vanna va mahalliy aplikatsiyalar koʻrinishida (qizdirilgan holda) qoʻllanilishi mumkin.
Quduqlar 3 turga boʻlinadi:
a) qidiruv quduqlari — konlarni qidirish jarayonida zarur gidrogeologik maʼlumotlar olish uchun;
b) foydalanish quduqlari — maʼdanli suvlardan uzoq vaqt foydalanishni taʼminlash uchun;
v) kuzatish quduqlari — suv rejimi ustidan uzoq vaqt statsionar kuzatishlarni olib borish uchun.
Geologik zaxiralar — bu qazib olish texnik jihatdan mumkin va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlgan balchiq qatlamlari va maʼdanli suvlarning umumiy hajmi (miqdori).
2. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlar shifobaxsh vositalar sirasiga Respublika terapiya va tibbiy reabelitatsiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi normalariga muvofiq beriladigan ularning tarkibi va davolashda qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi balneologik xulosalar asosida kiritiladi.
Qadoqlashga moʻljallangan maʼdanli suvlarga qoʻyiladigan talablar davlat va tarmoq standartlarida belgilanadi va tartibga solinadi.
3. Shifobaxsh vositalar toifasiga kiritilgan maʼdanli suv va balchiqlar, avvalambor davolash va kurort maqsadlarida ishlatiladi.
4. Shifobaxsh maʼdanli suv konlari deyilganda yer osti suvli tizimi kengligining shunday chegaralangan qismi anglanadiki, uning tegrasida, tabiiy omillar taʼsiri ostida, xalq xoʻjaligida maqsadli foydalanish uchun yetarli miqdorda maʼdanli suv olish uchun, atrofdagi boshqa maydonlarga qaraganda qulay sharoitlar yaratiladi.
5. Maʼdanli suv konlari quyi qatlamlarda joylashgan suvli gorizontlar bilan bogʻliq boʻlib tarqalgan:
a) platformalarning artezian havzalarida;
b) burmali hududlarning artezian havzalarida;
v) maydoni cheklangan burmali tuzilmalar yoki otilib chiqqan, metamorfik va choʻkma jins massivlari va tektonik buzilish hududlarida;
g) otilib chiqqan va metamorfik jinslar hamda gʻovak choʻkma (oʻtirindi) qatlamlarining nurash qobigʻida.
6. Gidrogeologik, gidrokimyoviy va geotermik sharoitlarining murakkabligiga koʻra maʼdanli suv konlari uchta guruhga ajratiladi:
I-guruh — suv saqlaydigan jinslarning quvvati (kattaligi), tuzilishi va filtrlash hususiyatlari boʻyicha tobiga kelgan suvli gorizontlar tinch (sokin) joylashgan oddiy gidrogeologik, gidrokimyoviy va geotermik sharoitli konlar (platformalarning artezian havzalaridagi konlar va burma hududlarning artezian havzalaridagi yirik konlar);
II-guruh — oddiy gidrokimyoviy va geotermik sharoitlarda suv saqlaydigan jinslarning quvvati (kattaligi), tuzilishi yoki filtrlash hususiyatlarining oʻzgaruvchanligi natijasidagi murakkab gidrogeologik sharoitli konlar; ular artezian havzalarda platformalar kabi koʻrinishda boʻlgani kabi, burmali hududlar koʻrinishida ham artezian havzalarida, shuningdek platformalar boʻlgani kabi burmali hududlar artezian havzalaridagi koʻpchilik konlarga xos boʻlgan murakkab gidrokimyoviy va geotermik sharoitli gʻovak choʻkma (oʻtirindi) qatlamlarda uchraydi;
III-guruh — suvli gorizontlar quvvati (qalinligi), tuzilishi va suv saqlaydigan jinslarning filtrlash hususiyatlari yuqori oʻzgaruvchanligi natijasidagi juda murakkab gidrogeologik sharoitli, yoxud juda murakkab gidrokimyoviy va geotermik sharoitli konlar. Bun - konlar maydoni cheklangan burmali tuzilmalar yoki jins massivlarida, tektonik buzilish hududlarida, otilib chiqqan va metamorfik jinslarning nurash qobigʻida, shuningdek gʻovak choʻkma (oʻtirindi) qatlamlarda ularning mahalliy uchastkalarida maʼdanli suvlar hosil boʻlishi natijasida yuzaga keladi. Bular jumlasiga yoriqlar orqali boshqa suvli gorizontlardan suv tushishi yoki chuqur joylashgan flyuidlar kirib kelishi natijasida hosil boʻlgan konlar kiradi.
7. Gidrogeologik hususiyatlariga koʻra shifobaxsh maʼdanli suv konlari quyidagi turlarga ajratiladi:
a) suvning oʻzi chiqadigan (ijobiy pyezometrik sathli) konlar;
b) suv oʻz-oʻzidan yoki sunʼiy ravishda qoʻzgʻatish natijasida yuzaga keladigan gazlift, termolift, bugʻlift taʼsiri natijasida chiqadigan konlar;
v) suv chiqarib olinadigan (salbiy pyezometrik sathli) konlar.
8. Shifobaxsh maʼdanli suv konlarining foydalanish zaxiralari deyilganda kondan texnik-iqtisodiy jihatdan oqilona suv olish inshootlari yordamida, muayyan foydalanish rejimida va xalq xoʻjaligida ishlatish talablariga javob beradigan, hisobiy suv isteʼmoli muddati davomida uning maqsadli foydalanish talablarini qondiruvchi sifatdagi suv olish mumkin boʻlgan maʼdanli suv miqdori tushuniladi.
II. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish uchun tayyorlash.
9. Topilgan kon yoki uchastka quyidagi shartlar bajarilganda sanoat koʻlamida oʻzlashtirishga tayyor hisoblanadi:
a) maʼdanli suvlarning foydalanish zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi yoki “Gidromineral resurslar geologiyasi ilmiy ishlab chiqarish markazi” davlat korxonasi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak;
b) maʼdanli suvlarni oluvchi va isteʼmol qiluvchi suv olish inshootlari va muassasa(korxona)larning yangilarini loyihalashda va amalda faoliyat yuritayotganlarini rekonstruksiyalashda ishlatiladigan maʼdanli suvlarning foydalanish zaxiralari belgilangan tartibda tasdiqlangan boʻlishi, turli toifalarning quyidagi nisbatlariga ega boʻlishi kerak (foiz hisobida):
v) maʼdanli suvlarga boʻlgan birinchi navbatdagi ehtiyojlarni qondirish maqsadida qurilishi moʻljallanayotgan suv olish inshootlari uchastkalarida turli zaxira toifalarining koʻrsatilgan nisbatlariga erishilgan boʻlishi kerak. Maʼdanli suvlarga istiqbolda boʻladigan ehtiyojlarni qondirish uchun zaxiralar kamida S1 toifasigacha topilgan boʻlishi kerak;
g) topilgan barcha guruhdagi maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlari va uchastkalarini sanoat koʻlamida oʻzlashtirish imkoniyati, agar turli toifalarning balans zaxiralari nisbatlari koʻrsatilgan nisbatlarga qaraganda kichik boʻlsa;
d) maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlar sifati ularni xalq xoʻjaligida maqsadli ishlatish talablariga muvofiq barcha koʻrsatkichlar boʻyicha oʻrganilgan; hisobiy suv isteʼmoli muddati davomida suvlarning sifati oʻzgarmasligi yoki yoʻl qoʻyiladigan chegaralarda oʻzgarishi isbotlangan boʻlishi kerak;
e) maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlardan foydalanish sharoitlari kon yoki uchastkani qazib olish texnologik sxemasi va loyihalarini tuzish uchun dastlabki maʼlumotlar olish imkonini taʼminlagan holda batafsil oʻrganilgan boʻlishi kerak.
j) minerallashish darajasi, biologik faol mikrokomponentlar va ular birikmalarining kimyoviy tarkibiga koʻra maʼdanli suvlar davolash maqsadlarida: vanna qabul qilish va basseynda choʻmilish koʻrinishidagi tashqi muolaja uchun; shifobaxsh ichimlik va shifobaxsh oshxona suvi sifatida ichki muolaja uchun; kompleks-tashqi muolaja va shifobaxsh suv sifatida ichish uchun foydalanilishi mumkin;
z) maʼdanli suvlar tarqalishiga koʻra hududiy (shoʻr, oʻziga xos komponentlarsiz, azotli-ishqorli issiq buloqlar), shuningdek mahalliy yoki markazli (oʻziga xos faol komponentli-radonli, temirli, oltingugurt vodorodli va boshqalar) boʻlishi mumkin.
10. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konini topshirish-qabul qilish boʻyicha tuzilgan komissiya oʻz ishini, odatda, bevosita topilgan konda olib boradi va:
a) kon qidiruv ishlarini amalga oshirgan tashkilotdan maʼlumotlar, tushuntirish xatlari, chizma materiallar, tajriba ishlarining tahlili, rejim kuzatuvlari natijalari hamda uning oʻrganilganligini taʼriflovchi boshqa zarur maʼlumotlarni olish;
b) davlat ekologik ekspertizasi bergan xulosani talab qilish;
v) konlarning foydalanish zaxiralari tasdiqlanayotganda berilgan tavsiyalarning bajarilishini tekshirish;
g) konda burgʻilangan quduqlardan keyinchalik foydalanish masalalari boʻyicha tavsiyalar berish;
d) qonunchilikka koʻra maʼdanli suv quduqlari atrofida sanitariya muhofazasi okruglari belgilanishini talab qilish huquqiga ega
11. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konini topshirish-qabul qilish dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma komissiya raisi va uning barcha aʼzolari tomonidan imzolanadi, konni qabul qilib olayotgan vazirlik (idora) va kon qidiruv ishlarini amalga oshirgan vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi. Konni idoraviy mansubligi bitta boʻlgan tashkilotlar (muassasalar, korxonalar) tomonidan qabul qilish-topshirish uchun tuzilgan komissiya dalolatnomasi komissiyani tuzgan vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi.
12. Komissiyaning tasdiqlangan dalolatnomasi topilgan kondagi maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq foydalanish zaxiralarini konni oʻzlashtirish uchun qabul qilib olgan vazirlik (idora) yoki tashkilot (muassasa, korxona) balansiga kiritish uchun asos hisoblanadi.
13. Maʼdanli suv konlarini qazib olish uchun texnologik sxemalar tuziladi. Texnologik sxemalar maʼdanli suvlarning kamayib ketishi, ifloslanishi, tarkibi va shifobaxsh hususiyatlarining yomonlashishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek yerlarni suv bosishi, botqoqlashishi, shoʻrlanishi, tuproqning nurashi va boshqa zararli holatlarni oldini olish maqsadida maʼdanli suv konlarini gidrogeologik jihatdan asoslangan, toʻgʻri va oqilona qazib olinishini taʼminlaydi va konni toʻliq kompleks jihozlash loyihasini ishlab chiqish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
14. Har bir maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq koni uchun yagona texnologik sxema tuziladi. Barcha maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq isteʼmolchilari, ularning idoraviy mansubligi va kon joylashgan hududning maʼmuriy hududiy boʻlinishidan qatʼi nazar, unga amal qiladilar.
15. Ayrim holatlarda ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan texnologik sxemalar ishlab chiqilgunga qadar maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlari Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishgan holda konlarni qazib olish bilan shugʻullanadigan korxona, tashkilot va muassasalarning gidrogeologiya xizmatlari tomonidan tuzilgan vaqtinchalik texnologik sxemalar boʻyicha qazib olinishi mumkin.
16. Yer osti maʼdanli suvlaridan foydalangan holda ishlatiladigan shifobaxsh balchiq konlari uchun shifobaxsh balchiq va maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemalari birgalikda ishlab chiqilishi va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan boʻlishi kerak.
17. Maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemalarida quyidagilar belgilanadi:
kaptaj inshootlaridan foydalanishning optimal rejimini va maʼdanli suvlarni oʻrnatilgan tartibda tasdiqlangan yoki hisoblab chiqilgan zaxiralar doirasida olinishi taʼminlovchi konni qazib olish usuli;
foydalanish, kuzatish va zaxira quduqlarining zarur soni, ular ishining texnologik rejimini tanlash va asoslash;
shifobaxsh maʼdanli suvlarning sifatini saqlanishini taʼminlovchi kaptaj usullari, maʼdanli suvni nasos bilan haydash, tashish, zaxiralash va dastlabki ishlov berish tizimlari (barqarorlashtirish, aralashtirish, qizdirish, sovutish va boshqa usullar);
barcha isteʼmolchilarni shifobaxsh maʼdanli suv bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha tadbirlar majmuasi;
rejimli kuzatuvlarni olib borish tartibi;
chiqarib olingan maʼdanli suvlarni saqlash tartibi va muddatlari;
shifobaxsh maʼdanli suvlarni chiqarib olish, tashish va ishlatishda yoʻqotish normativlari.
Shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish texnologak sxemalarida quyidagi masalalar hal qilinishi koʻzda tutiladi:
balchiq konini qazib olish tizimi (balchiqni qazib olish usuli, chuqurligi va hajmi);
konning optimal gidrogeologik, gidrokimyoviy va sanitariya rejimlari;
balchiqni qazib olish texnik vositalari va uslubiyoti;
balchiq konini qazib olish, qazib olingan balchiqni kondan balchiq bilan davolash muassasasiga tashishda uning miqdori va sifati ustidan nazorat usullari;
balchiq bilan davolash muassasasida balchiqdan foydalanishning texnik usullari (balchiqni qizdirish, kushetkaga berish, keyingi davolash muolajalari uchun yaroqsiz ishlatilgan balchiqni olib tashlash va utilizatsiyalash va h.);
balchiqni regeneratsiyalash (qayta tiklash) zaruriyati va usullari.
Texnologik sxemalarda, shuningdek, balchiq konlarini qazib olish boʻyicha yordamchi tadbirlar (konga borish yoʻllarini tayyorlash, maydonchalarni obodonlashtirish, balchiq qatlamlarini quritish yoki suvlantirish va h.) roʻyxati ham belgilab beriladi.
18. Maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemalari matn qismi, matnli va chizma ilovalaridan iborat boʻladi.
Maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemalarining matnli qismida quyidagilar oʻz aksini topgan boʻlishi kerak:
suvdan foydalanuvchi toʻgʻrisida asosiy maʼlumotlar, uning idoraviy mansubligi, joylashgan joyi, maʼdanli suvdan qanday maqsadlarda foydalanish koʻzda tutiladi, maʼdanli suvga boʻlgan hozirdagi mavjud va istiqboldagi ehtiyoj;
konning qisqacha geologik va gidrogeologik tavsifi;
foydalanish uchun tavsiya etiladigan quduq va gorizonglar ajratib koʻrsatilgan maʼdanli suv zahiralari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
ishlatilayotgan va ishlatilishi koʻzda tutilgan maʼdanli suvlarning fizik-kimyoviy xossalari va tarkibi, erigan va erkin ajralib chiqadigan gazlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
quduqlarning ogʻizlari va yetvollarini jixozlash, balneotexnik tizimlar va inshootlarni qurish, ularni zanglash va tuz yigʻilishidan himoya qilish usullari va h. boʻyicha tavsiyalar;
maʼdanli suvlardan kompleks foydalanish, shu jumladan isitish maqsadida ortiqcha issiqlikdan foydalanish, uglekislota va boshqalarni utilizatsiya qilish va foydalanish boʻyicha tavsiyalar;
minerallashgan oqovalarni yigʻish, oqizish, tozalash, zararsizlantirish va ularning atrof-muhitga salbiy taʼsiridan muhofaza qilish boʻyicha tadbirlar;
konlarni qazib olish jarayonida bajarilishi koʻzda tutilgan, davr mobaynida quduqlar debitlari, bosimlari, haroratlari, olinayotgan shifobaxsh maʼdanli suv sifati, suv olish inshooti rejimi, depressiya voronkasi, quduqlar va balneotexnik inshootlari texnik holatlari, zanglanish va tuz yigʻilishi hususiyatlari va boshqalarning oʻzgarishlari ustidan nazoratni oʻz ichiga olgan tadqiqotlar majmui;
konda qoʻshimcha qidiruv ishlarini oʻtkazish, qoʻshimcha quduqlar burgʻilash, maʼdanli suv konlarini buzilish, ifloslanish va kamayib ketishidan muhofaza qilish boʻyicha tavsiyalar.
Maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemalarining matnli ilovalari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan berilgan maʼdanli suv toʻgʻrisida xulosani;
Oʻzbekiston Respublikasi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining zaxiralarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi bayonnomasini;
maʼdanli suvlarning kimyoviy tahlili natijalari;
davlat ekologik ekspertizasi xulosasini.
Texnologik sxemalarning chizma ilovalari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
konni umumiy koʻrinish xaritasini;
maʼdanli shifobaxsh suvlar konini qazib olinishining kesim va ustidan koʻrinishidagi mavjud sxemasini;
maʼdanli shifobaxsh suvlar konini qazib olinishining kesim va ustidan koʻrinishidagi tavsiya etiladigan balandlik sxemasini;
geologik, gidrogeologik xaritalarni;
geologik, gidrogeologik kesimlarni.
Shuningdek shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish texnologik sxemalarida matnli qism, matnli va chizmali ilovalar boʻlishi kerak.
Sxemalarning matnli qismi quyidagi asosiy boʻlimlarni oʻz ichiga oladi:
shifobaxsh balchiq koni toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlarni;
kon joylashgan hududning tabiiy sharoitlarini;
balchiq qatlamining turlari, kimyoviy tarkibi va sanitariya holati, texnologik tavsifi, geologik va foydalanish zaxiralari va ehtiyojlarini;
shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish tizimini;
davlat ekologik ekspertizasining-xulosasini.
Shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish texnologik sxemasining matnli ilovasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
balchiqni kon uchastkalari boʻyicha qazib olish hajmlarining taqvimiy jadvalini;
shifobaxsh balchiq zaxiralari va uning konditsiyalari toʻgʻrisida konda oxirgi qidiruv ishlarini bajargan tashkilot tomonidan berilgan maʼlumotnomani;
shifobaxsh balchiq konining tasdiqlangan sanitariya muhofazasi okrugi tegrasi toʻgʻrisida buyurtmachi tomonidan berilgan maʼlumotnomani;
kondagi balchiq hamda davolash muolajalari uchun tayyorlangan balchiqlarning toʻliq sanitar-kimyoviy tahlillarini;
balchiqning sanitar-bakteriologik va mikrobiologik tahlillarini;
shifobaxsh balchiqni regeneratsiyalash (qayta tiklash) muddatlari toʻgʻrisida uni aniqlash ishlarini bajargan tashkilot tomonidan berilgan maʼlumotnomani.
Sxemaga chizmaviy ilovalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
konning sanitariya muhofazasi okrugi va hududlari chegaralari tushirilgan umumiy koʻrish xaritasini;
balchiq konining yopib turuvchi qatlamlarining izobatlardagi (suv havzalari uchun) yoki izopaxitlardagi (torf qatlamlari uchun), shuningdek balchiqlarning foydalanish zaxiralari uchastkalari chegaralari koʻrsatilgan xaritasi(plani)ni;
balchiq qatlamlarining boʻylama va koʻndalang kesimlarini;
balchiq konini uchastkalarga ajratgan holda uni qazib olish texnologik rejasi;
koʻl-balchiq xoʻjaligining hozirgi paytdagi va tavsiya etiladigan reja-sxemasini.
19. Maʼdanli suv konlarini qazib olish texnologik sxemasi bajarilishi ustidan mualliflik nazorati uni ishlab chiqqan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
20. “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga binoan, maʼdanli suvlardan suvning holatiga taʼsir qiladigan inshootlar yoki texnikaviy qurilmalarni qoʻllash yoʻli bilan foydalanish suvdan maxsus foydalanish turiga kiritilgan.
III. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish.
21. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish ishlari “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan tasdiqlangan texnologik sxemalar va yillik suv olish rejalariga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi boʻlgandagina amalga oshiriladi.
22. Maʼdanli suvlar kaptaji geologiya-gidrogeologiya sharoitlaridan kelib chiqqan xolda burgʻilash quduqlari, quduqlar, shaxtalar, shtolnyalar, shuningdek maxsus jihozlangan tabiiy chiqish yoʻllari (manbalar) yordamida amalga oshiriladi.
Maʼdanli suv konlarini qazib olishning asosiy, eng takomillashgan usuli — bu quduqlar yordamida shifobaxsh maʼdanli suvlarni kaptajlash xisoblanadi.
23. Qazib olinayotgan kondagi quduqlar belgilangan vazifasiga koʻra quyidagi turlarga ajratiladi:
foydalanish (kaptaj) quduqlari — ular maʼdanli suvlardan uzoq vaqt foydalanishni taʼminlashi, buning uchun esa tegishli diametr, maxkamlash moslamalari va ogʻiz uskunalariga ega boʻlishlari kerak;
kuzatuv quduqlari — suvlarning rejimi (debit, sath, kimyoviy tarkib, harorat va h.) ustidan uzoq vaqt, turgʻun (barqaror sharoitlarda) kuzatish ishlarini olib borish imkoniyatini taʼminlaydi;
zaxira quduqlari — ular zarurat tugʻilganda foydalanish quduqlari oʻrniga ishlatilishi mumkin.
24. Foydalanish quduqlarini burgʻilash va qidiruv quduqlarini foydalanish quduqlariga qayta jihozlash ishlari suv quduqlarini loyihalashga texnik shartlarni va qazib olinadigan maʼdanli suv konining geologik va gidrogeologik hususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan loyihalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Maʼdanli suvlarni qazib olish uchun keyinchalik foydalanish quduqlariga qayta jihozlangan yoki boshqa maqsadlar uchun qazilgan va yoʻl-yoʻlakay tarkibida maʼdan suvi boʻlgan gorizontlari(strukturalari)ni ochgan quduqlar ishlatilishi mumkin.
25. Quduqlarning konstruksiyasi ularning uzoq vaqt faoliyat koʻrsatishini, optimal foydalanish rejimini, gazlift (termogazlift, termolift, bugʻlift)ni qoʻzgʻatish yoki kuchaytirish uchun turli xildagi nasos va moslamalarni qoʻllash imkoniyatini hamda faqat bir turdagi shifobaxsh maʼdanli suvlar chiqarilishini taʼminlashi kerak.
Bitta quduqdan uning konstruksiyasini murakkablashtirish yoʻli bilan turli tarkibdagi maʼdanli suv chiqarish va buning uchun quvurlar oʻrtasidagi boʻshliqdan foydalanish taqiqlanadi.
26. Quduqlarni burgʻilash chogʻida suvlarning har xil turlari oʻrtasida ishonchli izolatsiya taʼminlanishi kerak.
27. Har bir turdagi maʼdanli suvlar minimal miqdordagi kaptaj inshootlari (asosiy va zaxira) yordamida yuzaga chiqarilishi kerak.
Agressiv korroziya taʼsiriga ega maʼdanli suvlar chiqqanda foydalanish kolonnalari (butunligicha yoki qisman) va boshqa balneotexnik inshootlarni tayyorlash uchun yemirilishga chidamli materiallar (zanglamaydigan poʻlat, choʻyan, titanli qotishmalar, asbotsement, plastmassa va h.) ishlatilishi kerak.
28. Kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshooti rejimli kuzatuvlar, maʼdanli suvni chiqarib olish va sarflash ustidan nazoratni sifatli olib borilishini taʼminlaydigan nazorat-oʻlchov apparatlari kompleksi bilan jihozlangan, tashqi taʼsirlar va begona shaxslar foydalanishi imkoniyatidan himoyalangan boʻlishi kerak.
29. Kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshootlaridan quyidagicha foydalanish mumkin:
suvning oʻzi oqib chiqadigan rejimda — bunda maʼdanli suvlar foydalanish kolonnasi yoki lift quvurlar boʻylab faqat qatlam energiyasi(bosimi) hisobiga harakatlanadi;
majburiy usul bilan — maʼdanli suvlar yuzaga texnik vositalar yordamida chiqariladi;
ijobiy pyezometrik sathli maʼdanli suvlar kaptajida quduqlar konstruksiyasi ularni hisobiy foydalanish muddatida koʻproq oʻzi oqib chiqishini taʼminlashi kerak.
30. Maʼdanli suvlarni chiqarish uzluksiz, kechayu-kunduz yoki toʻxtab-toʻxtab-joʻmrak bilan amalga oshirilishi mumkin.
Kondan foydalanishga, agar bu suvning kimyoviy tarkibi va fizik xossalarida biror oʻzgarish sodir boʻlishiga olib kelmasa, foydalanish quduqlarining texiik holatiga va konni qazib olish ratsional sharoitlariga salbiy taʼsir koʻrsatmagan hollardagina ruxsat etiladi.
Maʼdanli suvning sutkalik olish miqdori tasdiqlangan foydalanish zaxiralari yoki belgilangan debitdan oshmasligi kerak. Suv uzluksiz kechayu-kunduz chiqarilganda suv yigʻish idishi boʻlishi kerak. zaxiraga yigʻiladigan suv hajmi quduqlarning yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan unumdorligi, ularning qabul qilingan foydalanish rejimi va suv isteʼmolchilarining maʼdanli suvga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda foydalanish texnologik sxemasida hisoblanadi.
31. Etarlicha mustahkam boʻlmagan kollektorlardan olinadigan maʼdanli suvlar suv saqlaydigan jinslarning litologik va granulometrik tarkibiga qarab turli konstruksiyadagi filtrlar orqali kaptaj qilinadi.
Mustahkam jinslar mavjud joylarda, odatda, filtr oʻrnatilmaydi.
32. Travertin (toshsimon modda) xosil qilishga moyil termal maʼdanli suvlar (atmosfera bosimida kalsiy karbonatlari bilan toʻyingan termal karbonat angidridli, karbonat angidrid-meganli) kaptajida, zarur hollarda, quduqlar chuqurlik yoki yuzaviy issiqlikni almashtirib beruvchi qurilmalar bilan jihozlanishi, ularning konstruksiyalari esa suv olish inshootlarining hisobiy debiti, maʼdanli suvning fizik va kimyoviy sifat koʻrsatkichlariga qarab belgilanishi kerak.
Maʼdanli suvlarni neft bilan aralash chiqaradigan quduqlar separatorlar bilan jihozlanadi.
Shoʻr suvlarni chiqarish chogʻida quduqlar va suv chiqarish uskunalarining ayrim qismlarida gips qatlamlari hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun, quduqlarga kichik diametrli quvurlar kolonnasi orqali tushiriladigan suvlarga 5 — 10% chuchuk suv qoʻshilishiga ruxsat etiladi.
Gazga yuqori toʻyingan suvlarni yigʻish va uzatishni taʼminlovchi kaptaj inshootlari gazdan ajratuvchi va gazni yigʻuvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Zarur hollarda, mineral choʻkmalar tushishini oldini olish boʻyicha tadbirlar majmuasini belgilash uchun maxsus tajriba va ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkaziladi.
33. Gazga toʻyingan suvli kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshootlaridan majburiy rejimda foydalanish faqat suv osti nasoslari (markazdan qochirma, shtangali) yordamida amalga oshirilishi mumkin. Bunda nasoslar suvdagi gazli faza (suvning chegaraviy gaz bilan toʻyinish chuqurligi) sathidan chuqurroqqa tushirilishi shart.
34. Sulfidli, karbonat angidridli, radonli maʼdanli suvlarni, shuningdek gaz tarkibi murakkab va organik moddalar bilan toʻyingan suvlarni chiqarish uchun erlift qurilmalaridan foydalanish ruxsat etilmaydi.
35. Yer ostidan chiqarib olingan maʼdanli suvlar zarur hollarda agressiv taʼsirga chidamli materiallardan, daʼvolash-ichimlik maqsadlariga moʻljallangan suvlar uchun esa Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan kontakti ruxsat etilgan materiallardan tayyorlangan yopiq idishlarda saqlanishi kerak.
36. Har bir kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshooti uchun pasport tuzilgan boʻlishi, unda barcha asosiy gidrogeologik va gidrokimyoviy maʼlumotlar, uning konstruksiyasi toʻgʻrisida maʼlumotlar va foydalanish boʻyicha tavsiyalar oʻz aksini topgan boʻlishi kerak.
37. Kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshootlari soz holatda boʻlishi kerak. Shu maqsadlarda vaqti-vaqti bilan quduqlar kallaklarining alohida qismlari, quduq atrofidagi inshootlar, qurilmalar, armatura va uskunalar (zadvijkalar, gaz ajratgichlar, oʻlchash moslamalari, nasoslar, sifonlar, issiqlikni almashtirish qurilmalari)ni joriy taʼmirlash va quduqlar stvollarini kapital taʼmirlash-tiklash (filtrlarni qum tiqinlaridan tozalash, truba ortini qoʻshimcha sementlash va tutash gorizont suvlarini izolatsiyalovchi obsadka kolonnalarini tushirish, yangi oraliqlarni perforatsiyalash) ishlari oʻtkaziladi.
Kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) va balneotexnik inshootlarni joriy va kapital taʼmirlash ishlari maʼdanli suv konini qazib olish bilan shugʻullanadigan korxona, tashkilot, muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan jadval(grafik)larga muvofiq oʻtkaziladi.
Kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) qurilmalari, balneotexnik tizimlar va uskunalarni joriy taʼmirlash ishlari, odatda, suvdan foydalanuvchilarning oʻz kuchlari bilan amalga oshiriladi. Taʼmirlash ishlarini bajarishning texnik jihatdan imkoniyati boʻlmasa yoki bu iqtisodiy jihatdan maqsadga nomuvofiq boʻlsa, xuddi shu maqsad uchun moʻljallangan yangi quduqlar burgʻilanadi. Yangi quduqlarni burgʻilash tartibi va ularning konstruksiyasi mazkur Qoidalarda bayon etilgan kaptaj (buloq boshiga yoki manba ustiga qurilgan) inshootlariga qoʻyiladigan barcha talablarga javob berishi va shifobaxsh maʼdanli suv konini qazib olishning optimal rejimini taʼminlashi kerak.
38. Qidiruv quduqlaridan foydalanish quduqlariga qayta jihozlangan foydalanish quduqlarini burgʻilash, kapital taʼmirlash va taʼmirlash-tiklash ishlari ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan buyurtmachi, davlat sanitariya nazorati, Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish organlari bilan kelishilgan loyiha boʻyicha amalga oshiriladi.
39. Maʼdanli suv konida burgʻilangan va sinovdan oʻtkazib yoki ishlatib sinab koʻrilgandan keyin isteʼmolchiga topshirilgan foydalanish quduqlari darhol ishga tushirilishi kerak. Sinovdan oʻtkazilgan yoki ishlatib sinab koʻrilgan quduqlarni ishga tushirish kechiktirilganda, shuningdek faoliyat koʻrsatayotgan foydalanish va kuzatish quduqlari bir oydan koʻp vaqtga foydalanishdan toʻxtatilgan xollarda ular vaqtincha konservatsiya qilinishi kerak,
40. Quduqlarni konservatsiya qilish ishlari Tayanch parametrik, qidirish, foydalanish, kuzatuv va maxsus quduqlarni tugatish yoki konservatsiya qilishda ularning ogʻizlari va stvollarini jihozlash boʻyicha yoʻriqnoma talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
41. Konservatsiya qilinadigan quduqlarning ogʻizlari germetiklanishi va zarur hollarda nazorat ventilli favvora armaturasi bilan jihozlanishi kerak. Armatura zadvijkalarining shturvallari echiladi, manometr patrubkalari germetiklanadi, zadvijka flanetslari esa tiqinlar bilan jihozlanadi.
Quduqlar ogʻizlari toʻsilishi kerak. Toʻsiqlarda quduqning raqami, kon yoki uchastka, tashkilot nomi va konservatsiya muddatlari koʻrsatilgan tablichkalar oʻrnatiladi.
42. Keynchalik foydalanish yoki kuzatuv qudugʻi sifatida ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan quduqlarni tugatish “Neft, gaz va boshqa quduqlarni tugatish va ularni qurish xarajatlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida nizom”ga muvofiq amalga oshiriladi.
43. Quduqlarning holati uchun javobgarlik ushbu quduqlar balansida boʻlgan tashkilot, korxona, muassasa rahbariyatiga yuklatiladi.
44. Shifobaxsh balchiq konlarining qazib olish (foydalanish)da quyidagilar bajarilishi kerak:
konning sanitariya muhofazasi okrugi chegaralarini belgilash va okrug hududlarida tegishli sanitariya rejimini taminlash;
konni qatʼiyan loyiha (sxema) boʻyicha qazib olish;
konda shifobaxsh balchiq qazib olish ishlarini mexanizatsiyalashtirish (zemlecherpalka, zemsnaryad, kichik gabaritli gidromexanizatsiya qurilmasi va h.);
maqbul balchiq xoʻjaligini yuritish tizimini taʼminlash;
regeneratsiya (qayta tiklash) ishlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
u yoki bu balchiq xoʻjaligini yuritish usulining muvofiqlik darajasi konkret kon sharoitlari bilan belgilanadi;
regeneratsiya (qayta tiklash) jarayoniga taʼsir koʻrsatadigan fizik-kimyoviy va biologik koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida aniqlash;
qazib olingan, yetkazib berilgan va tayyorlangan balchiq sifati, shuningdek balchiqni saqlash va regeneratsiya (qayta tiklash) qilish ustidan tegishli nazorat olib borish;
shifobaxsh balchiqdan oqilona foydalanish uchun maxsus nazorat-kuzatuv stansiyalari yoki punktlarini tashkil etish.
IV. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olishning geologiya va gidrogeologiya taʼminoti.
45. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish maxsus idoraviy xizmatlar yoki shartnoma asosida boshqa idoralarning gidrogeologiya xizmatlari tomonidan ishlarni muntazam geologik (gidrogeologik) taʼminoti sharoitida amalga oshiriladi.
46. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish ishlarini amalga oshiradigan tashkilot, muassasa va korxonalarning geologiya xizmatlari quyidagilarni taʼminlaydilar:
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini tasdiqlangan texnologik sxemalar boʻyicha toʻgʻri qazib olinishini tashkil etish va kaptaj inshootlarining belgilangan foydalanish rejimiga rioya qilinishi ustidan nazoratni;
suv isteʼmolchilarining gidromineral bazasi holati va ularning topilgan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq zahiralari bilan taʼminlanganligi ustidan doimiy nazorat, ushbu masalalarga taalluqli maʼlumotlar tahlili va tegishli tavsiyalar ishlab chiqishni;
muntazam ravishda gidrogeologik va boshqa kuzatuvlarni oʻtkazish va gidromineral resurslar zaxiralari miqdori va sifatini aniqlash uchun maʼdanli suv konlarining yillik va koʻp yillik rejimini oʻrganishni;
ishlatilgan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlarni, ularning atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik uchun, tashlanishi(oqizilishi) ustidan nazoratni;
sanitariya muhofaza okruglarida rejimlarga rioya qilinishi va ularning loyihalarida koʻzda tutilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni;
maʼdanli suv, shifobaxsh balchiq va boshqa foydali qazilma konlarini oʻrganishda keyinchalik ishlatilishi mumkin boʻlgan geologik, gidrogeologik va texnik hujjatlar, kernni saqlashni;
joriy gidrogeologik va texnik hujjatlarni yuritish, maʼdanli suv qazib olish va yoʻqotishlar hajmi toʻgʻrisida belgilangan hisobotlar, bajarilgan ishlar toʻgʻrisida yillik hisobotlar tuzishni.
Quyidagilarda ishtirok etadilar:
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish texnologik sxemalarini, sanitariya muhofazasi okruglari va hududlari loyihalarini ishlab chiqish uchun dastlabki maʼlumotlarni tayyorlashda;
ularni qazib olish tizimlaridan oqilona foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlashda:
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlar uchun konditsiya loyihalarini ishlab chiqish uchun materiallar tayyorlashda;
topilgan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlari (uchastkalari)ni keyinchalik davolash maqsadlarida qazib olish uchun topshirish-qabul qilishda;
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlarni qazib olish va ishlatishda ularning yoʻqotish meʼyorlarini ishlab chiqishda, bunday yoʻqotishlarni hisobga olishni belgilash va tashkil etishda;
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqlarni qazib olish va ishlatishda ishlarni bexatar olib borilishi, yer osti boyliklari va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqishda;
yer osti boyliklaridan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqishda, shuningdek geologiya xizmatlari faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqish va hal qilishda.
Idora va tashkilotlarning geologiya xizmatlari rejimli kuzatuvlar dasturini kelishish uchun “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasiga taqdim etadilar.
47. Geologiya (gidrogeologiya) xizmatlari tomonidan kurortlarda, sanatoriyalarda, profilaktoriyalarda, shifoxonalarda, suv bilan davolash muassasalarida, qadoqlash: zavodlarida va h. da bajariladigan ishlar hajmi va mazmuni yuqori tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan yillik dasturlarda belgilab beriladi.
Hisobotlarda olingan maʼlumotlarning batafsil tahlili keltiriladi. Ushbu tahlil asosida geologiya (gidrogeologiya) xizmati tomonidan bajariladigan ishlarning uslubi, yoʻnalishi va hajmlariga aniqlik kiritish boʻyicha konkret takliflar ishlab chiqiladi.
48. Qazib olinayotgan kon rejimiga, suvning kimyoviy tarkibi va sanitariya-bakteriologik holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan avariya vaziyatlari va negativ holatlar yuzaga kelganda, geologiya (gidrogeologiya) xizmati zudlik bilan bu haqida konni qazish ishlarini olib borayotgan korxona, tashkilot, muassasa rahbariyatiga, yuqori tashkilotga, Oʻzbekiston Respublikasining tegishli Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga, Kurortlar boshqarmasiga (suvdan foydalanuvchining idoraviy mansubligidan qatʼi nazar), shuningdek mahalliy tabiatni muhofaza qilish organlariga va “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasiga xabar beradi hamda ushbu negativ holatlar va avariya oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha mumkin boʻlgan tezkor choralar qabul qiladi.
49. Tasarrufida qazib olinayotgan maʼdanli suv konlari boʻlgan tashkilotlar, korxonalar, muassasalar quyidagilarni taʼminlaydilar:
shifobaxsh maʼdanli suv konlarini qazib olish bilan bogʻliq boʻlgan kaptaj va boshqa inshootlar (quduqlar kallaklari, manbalar kaptajlari, mineral oʻtkazgichlarning nasos uskunalari, rezervuarlar va boshqa balneotexnik inshootlar)ning talab etiladigan texnik holatini;
qazib olinadigan yoʻldosh foydali komponentlar va chuqurlikdan chiqadigan issiqlikdan foydalanishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni amalga oshirishni; maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish va ularni ishlatish usullari va texnik vositalarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni joriy etish.
V. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olishda yer osti boyliklari va atrof-muhitni muhofaza qilish.
50. Barcha qazib olinadigan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlari ularning tabiiy fizik va kimyoviy hususiyatlarini saqlab qolish, shuningdek ularning ifloslanishi va kamayib ketishini oldini olish maqsadida muhofaza qilinadi.
51. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini muhofaza qilishning zarur sharoitlarini taʼminlash uchun sanitariya muhofazasi okruglari belgilanib, ularning hududida yer, suv va havoni ifloslantiradigan, oʻrmonlar va boshqa daraxtzorlarga ziyon yetkazadigan, nurash jarayonlarining rivojlanishiga olib keladigan va tabiiy davo vositalari va sanitariya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan har qanday ishlarni bajarish taqiqlanadi.
52. Sanitariya muhofazasi okruglari chegaralarini va ularning rejimi:
respublika va mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan kurortlar, sanatoriyalar, balneoshifoxonalar va qadoqlash zavodlari tomonidan qazib olinadigan konlar uchun belgilanadi.
Sanitariya muhofazasi okruglari chegaralari loyihalari bilan bir vaqtda Davlat sanitariya nazorati, tabiatni muhofaza qilish organlari va “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan sanitariya-sogʻlomlashtirish tadbirlari rejalari ham taqdim etiladi.
53. Sanitariya muhofaza okrugi uchta zonaga boʻlinadi:
Birinchi zona — qattiq tartibli zona;
Ikkinchi zona — cheklangan zona;
Uchinchi zona — kuzatish zonasi.
Birinchi zona maʼdanli suvlar yuzaga chiqadigan, shifobaxsh balchiq konlari, maʼdanli koʻllar, suvi davolash maqsadlarida foydalaniladigan koʻrfazlar, plyajlar joylashgan joyni, shuningdek dengizning qirgʻoq boʻyi mintaqasini va plyajlarga tutashib ketuvchi kengligi kamida 100 metrli hududni qamrab oladi.
Ikkinchi zona yuza suvlarning maʼdanli suvlari yuzaga chiqadigan joyga va shifobaxsh balchiq konlariga, maʼdanli koʻllar va koʻrfazlarga, maʼdanli manbalar hosil qilishda ishtirok etuvchi maʼdanli va chuchuk suv sirkulatsiyasiga uchraydigan yer yuzasidan uncha chuqur boʻlmagan joylarga tomon oqishi yuz beradigan hududni;
maʼdanli suvlar va shifobaxsh balchiqlar tabiiy va sunʼiy saqlanadigan joylarni;
sanatoriya-kurort muassasalari va dam olish muassasalari joylashgan hududni, shuningdek loyiha hujjatlariga koʻra parklar, oʻrmon-parklar va boshqa koʻkalamzor joylar barpo qilish moʻljallangan hududni qamrab oladi. Kurortning sanitariya muhofaza okrugi uchun nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilinmagan holda ulardan foydalanish ifloslanishga, tarkibning oʻzgarishiga yoki maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq zonalarining tugab qolishiga yoxud bularning barchasi bir boʻlib tabiiy davolash vositalarning yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
Uchinchi zona (sirtdan uning chegaralari sanitariya muhofazasi okrugi chegaralari bilan mos keladi) gidromineral resurslar oziqlanadigan va shakllanadigan butun joylarni, hududni oʻrab olgan oʻrmonzorni, shuningdek sanitariya muhofazasi okrugi uchun belgilangan qoidalarga rioya qilinmagan holda xalq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanilishi maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarning gidrogeologik tartibiga, sanitariya va ladshaft-iqlim sharoitlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hududni qamrab oladi.
Maʼdanli suv manbalari, shifobaxsh balchiq konlari, maʼdanli koʻllarning sanitariya muhofazasi okruglari doirasida tuproq, suv, havoni ifloslantiruvchi, oʻrmonlar va boshqa daraxtzorlarga zarar yetkazuvchi, nurash jarayonlari rivojlanishiga olib keluvchi hamda suvning tabiiy davolash xossalariga va hududning sanitariya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi har qanday ishlar taqiqlanadi.
Sanitariya muhofazasi okruglarida tabiiy davolash vositalarining zarur darajasidagi sanitariya holatini taʼminlovchi, shuningdek davolanish va dam olish uchun qulay sharoitlar yaratuvchi sanitariya sogʻlomlashtirish tadbirlari boshqa chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Birinchi zona hududida tabiiy davo vositalaridan foydalanish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashashlari, inshootlar qurish, kon qazish va yer osti ishlarini bajarish, shuningdek manbaning tabiiy davolash xossalariga va hududning sanitariya holatiga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlarni qilish taqiqlanadi.
Ikkinchi zona hududida aholining davolanishi va dam olishi bilan bogʻliq obyektlar va inshootlar qurish, kurortning rivojlanishi va obodonchiligi bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan kon ishlari va boshqa ishlarni bajarish, shimuvchi quduqlar qurish, sugʻorish dalalari va yer osti filtrlanish manbalari, mollar koʻmiladigan joylar, qabristonlar, mollar koʻplab haydab oʻtiladigan joylar barpo etish, oʻsimlik zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurash maqsadida zaharli dorilarni qoʻllash, yashil daraxtzorlarni chopib tashlash (oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish va sanitariya kesishlaridan tashqari) hamda yer uchastkalari, oʻrmonlar va suv havzalaridan davolash vositalari sifatining yomonlashuviga yoki ularning kamayishiga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa xildagi foydalanish taqiqlanadi.
Uchinchi zona hududida tabiat muhofazasi va sanitariya nazorati davlat organlari bilan kelishilgan holda tabiiy davolash vositalariga va hududning sanitariya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlmagan barcha ish turlariga yoʻl qoʻyiladi.
Sanitariya muhofazasi hududlarida rejimlar maxsus loyihada belgilanadi.
54. Bunda yer qaʼridan maʼdanli suvlarni chiqarib olish, shuningdek ularning buzilishi va vaqtidan oldin kamayib ketishining muhofazasini taʼminlaydigan qurilish va boshqa tadbirlar nazarda tutilmogʻi lozim.
55. Yangi topilgan maʼdanli suv konlarini sanitariya muhofazasi okruglarini belgilamasdan qazib olishga kiritish taqiqlanadi.
56. Sanitariya muhofazasi okrugi hududida maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qidirish va qazib olish ishlarini bajarayotgan tashkilot, korxona va muassasalar quyidagilarni taʼminlashlari kerak:
konlarning toʻliq geologik oʻrganilishini;
maʼdanli suvlardan oqilona va kompleks foydalanish hamda konlarni ifloslanish va barvaqt kamayib ketishidan muhofaza qilishni;
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiqni qazib olish va foydalanish bilan bogʻliq ishlarni ishchilar va aholi uchun bexatar olib borishni;
atmosfera havosi, yerlar, oʻrmonlar, suvlar va boshqa tabiat obyektlarini, shuningdek bino va inshootlarni maʼdanli suv konlarini qazib olish bilan bogʻliq ishlarning zararli taʼsiridan muhofaza qilishni;
maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish chogʻida buzilgan yer uchastkalarida rekultivatsiya ishlarini bajarib amaldagi qonunchilik talablariga javob beradigan holatga keltirish.
57. Kon chegarasida yangi foydalanish yoki qidiruv quduqlarini burgʻilayotganda, shuningdek mavjud quduqlarda biror taʼmirlash ishini bajarayotganda turli suvli gorizontlarni izolatsiyalovchi obsadka kolonnalarining germetikligi buzilishini oldini olish va foydalanilayotgan maʼdanli suvli quduklarning rejimiga imkon qadar kam taʼsir koʻrsatishga doir barcha zarur choralar qabul qilinishi kerak.
58. Konlarni qazib olish chogʻida maʼdanli suvlarning nazoratsiz, tartibsiz chiqarib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmasligi, avariya holatlarida esa zudlik bilan suv yoʻqotilishini bartaraf etish choralari koʻrilishi kerak.
59. Maʼdanli suvlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida korxona, tashkilot va muassasalar eng takomillashtirilgan uskunalar, nazorat-oʻlchov asboblari, shifobaxsh suvlarga ishlov berish va tashish inshootlarini, yangi sintetik qoplamalar va polimer materiallardan foydalanish orqali korroziyaga qarshi kurashish va balneotexnik tizimlarni himoya qilishning zamonaviy vositalarini joriy etilishini taʼminlashlari kerak.
60. Yer ostidan chiqarib olingan maʼdanli suv yoʻqotishlari qazib olish texnologik sxemasida koʻzda tutilgan miqdordan oshmasligi kerak.
61. Tashqi qoʻllashdan hosil boʻladigan oqova suvlar tozalash inshootlarida tozalanishi lozim.
Ishlatilgan va oqova suvlarni tashlanishi (shahar yoki boshqa idoraning kanalizatsiya tarmogʻidan tashqari) faqatgina Tabiatni muhofaza qilish organlari ruxsatnomalari asosida amalga oshiriladi.
VI. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish va muhofaza qilish ustidan nazorat.
62. Tabiiy shifobaxsh omillarning sanitariya muhofazasi qoidalariga rioya etilishini taʼminlash ijroiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
63. Qazib olinayotgan maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlaridagi gidrogeologik sharoitlarining oʻzgarishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
64. Maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarining toʻgʻri qazib olinishi va ularni buzilish, ifloslanish va qurib qolishdan muhofaza qilish, shuningdek korxona, tashkilot, muassasalarning geologiya (gadrogeologiya) xizmatlari ishi ustidan idoraviy nazorat suvdan foydalanuvchilar boʻysunadigan vazirlik va idoralarning tegishli xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
VIII. Yakuniy qoidalar
65. Mazkur maʼdanli suv va shifobaxsh balchiq konlarini qazib olish va muhofaza qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan kelishilgan.
“KELIShILDI”
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatini muhofaza qilish qoʻmitasi raisi B. ALIXONOV
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi N. MAVLONOV
Oʻzbekiston kasaba uyushma Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAXONGIROVA
