Bojxona organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (263-son)
16.09.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, bojxona organlari, eng avvalo, bojxona postlari xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini ularning toifalarini, amaldagi yuklama hajmlarini va ish sharoitlarini hisobga olgan holda yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2011-yil 1-oktabrdan boshlab toifalardan tashqari bojxona postlarining xodimlarining tarif razryadlarini Davlat bojxona qoʻmitasi xodimlari lavozim maoshlari Yagona tarif setkasining 2 tarif razryadiga, birinchi toifali bojxona postlari xodimlarining tarif razryadlarini 1 tarif razryadiga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Bojxona organlari xodimlarining lavozim maoshlariga ustamalar yuklama hajmini va ish sharoitlarini hisobga olgan holda:
toifalardan tashqari bojxona postlarida — lavozim maoshining 40 foizi miqdorida;
birinchi toifali postlarda — lavozim maoshining 35 foizi miqdorida;
ikkinchi toifali postlarda — lavozim maoshining 30 foizi miqdorida;
bojxona postining toifasidan qatʼiy nazar, alohida sharoitlardagi bojxona postlarida xizmatni oʻtayotganlik uchun kinologiya guruhlariga — lavozim maoshining 20 foizi miqdorida belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzilmasida Maxsus mukofot jamgʻarmasi tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin, Bojxona organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi umumiy tushumlarining 25 foizgachasi uni shakllantirishning manbalari etib belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisiga Mukofot jamgʻarmasi mablagʻlaridan bojxona organlari xodimlarini quyidagi:
tovarlarni bojxona chegarasi orqali noqonuniy oʻtkazish holatlarini aniqlaganligi va ularning oldini olganligi, ularni davlat daromadiga oʻtkazganligi uchun — musodara qilingan tovarlar qiymatiga koʻra lavozim maoshining 1 baravaridan 10 baravarigacha;
chetdan olib kelish va chetga chiqarish taqiqlangan tovarlarni bojxona chegarasi orqali oʻtkazish holatlarini aniqlaganligi va ularning oldini olganligi uchun — lavozim maoshining 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda mukofotlash huquqi berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy yilda ushbu qarorni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni 2011-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining “boshqa xarajatlar” boʻlimi boʻyicha tasdiqlangan parametrlari doirasida moliyalashtirsin, 2012-yildan boshlab esa — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida zarur budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 16-sentabr,
263-son
