8-modda. Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini nazorat qilish va tekshirish
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida (483-I-son) · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi ushbu Qonunning 4-moddasida koʻrsatilgan davlat nazorati organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida nazorat qilinadi va tekshiriladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, tayyorlash, xarid qilish, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar belgilangan normalar va qoidalarga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini taʼminlaydilar. Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish tartibi oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligiga doir normalar va qoidalarga, normativ hamda texnologiya hujjatlari talablariga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslar bajaradigan ishlar va xizmatlarning xususiyatlarini va shart-sharoitlarini hisobga olgan holda belgilanadi hamda tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishiladi.
Ishlab chiqarish nazoratini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar normalar va qoidalarning talablari buzilganligi aniqlangan taqdirda ishlarni amalga oshirishni va xizmatlar koʻrsatishni aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar toʻxtatib qoʻyishlari shart.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlashga doir normalar va qoidalar bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli.
