17-modda. Qoidalar va normalarga mos kelmaydigan oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish hamda uni yoʻq qilib tashlash
Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida (483-I-son) · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Yaroqlilik muddati oʻtgan, sifatsizligi belgi berib turgan, taqqoslash va ishlab chiqaruvchisini aniqlash mumkin boʻlmagan, shuningdek sanitariya-gigiyena ekspertizasi, laboratoriya tekshiruvlari va (yoki) veterinariya, veterinariya-sanitariya ekspertizasi va sertifikatlashtirish sinovlari natijalariga koʻra davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlari tomonidan ovqatga ishlatish uchun yaroqsiz deb topilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilish va realizatsiya qilinishdan olib tashlanadi, u belgilangan maqsadda ishlatilmasligi hamda qayta ishlanishi yoki yoʻq qilib tashlanishi kerak.
Oziq-ovqat mahsulotini qayta ishlash yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari uchun egasi tomonidan tegishli davlat nazorati organlari bilan kelishib olinadi.
Oziq-ovqat mahsulotidan foydalanish (uni qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash uning egasi tomonidan yoki mahsulot egasi shu ishlarni bajarishni shartnoma boʻyicha topshiradigan tashkilotlar tomonidan komissiya ishtirokida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga davlat hokimiyati mahalliy organlarining, davlat nazorati organlarining, soliq organlarining va jamoatchilikning vakillari kiradi.
Oziq-ovqat mahsuloti hayvonlarga yem sifatida ishlatilgunicha yoki yoʻq qilib tashlagunicha alohida joyda (rezervuarda), alohida hisobda, miqdorini, ishlatish (qayta ishlash) yoki yoʻq qilib tashlash usullari va shartlari aniq koʻrsatilgan holda saqlanishi kerak. Bunday mahsulotning but saqlanishi uchun uning egasi javobgar boʻladi.
Oziq-ovqat mahsulotini ekspertiza qilish, yoʻq qilib tashlash usullari va shartlarini belgilash, qayta ishlash, saqlash, tashish va yoʻq qilib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni uning egasi toʻlaydi.
Oziq-ovqat mahsulotining egasi davlat sanitariya nazorati va (yoki) davlat veterinariya xizmati organlariga ushbu mahsulotdan foydalanilganligi yoki u yoʻq qilib tashlanganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani taqdim etadi.
