Davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2263-son)
09.09.2011
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOSHQARISH DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 9-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2263]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 24-yanvardagi PF-3202-son “Oʻzbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2007-yil 20-iyuldagi PF-3897-son “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-apreldagi 189-son “Xususiylashtirilgan korxonalarni korporativ boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2007-yil 24-iyuldagi 151-son “Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi, 2012-yil 14-noyabrdagi 322-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, 2012-yil 30-dekabrdagi 374-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2013-yil 11-iyundagi 165-son “Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Davlat aktivlarini boshqarish markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2003-yil 16-iyuldagi “Davlat ulushlarini boshqarish boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ni tasdiqlash toʻgʻrisidagi 86, 01/06-7-sonli qarori (roʻyxat raqami 1262, 2003-yil 1-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2003-y., 15-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasining 2004-yil 4-martdagi “Davlat ulushlarini boshqarish boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 38, 01/06-04-sonli qarori (roʻyxat raqami 1262-1, 2004-yil 12-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 15-son, 180-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2006-yil 25-yanvardagi “Davlat ulushlarini boshqarish boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 7-, 01/06-18/01-sonli qarori (roʻyxat raqami 1262-2, 2006-yil 18-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 8-son, 56-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2007-yil 6-apreldagi “Davlat ulushlarini boshqarish boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 37-, 01/12-18/08-sonli qarori (roʻyxat raqami 1262-3, 2007-yil 7-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 19-20-son, 204-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 11-avgust,
51-son
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi v.b. A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 11-avgust,
01/12-18/05-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2011-yil 11-avgustdagi 51, 01/12-18/05-son qaroriga ILOVA
Davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat ulushi ishonchli boshqaruvga berilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga berilgan hollar bundan mustasno) aksiyadorlik jamiyatlari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga (bundan buyon matnda xoʻjalik jamiyatlari deb yuritiladi) tatbiq etiladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat ulushi — xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, davlat muassasalariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga tegishli boʻlgan aksiyalar yoki ulushlar;
ishonchli boshqaruvchi – davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasi tuzilgan davlatning ishonchli vakili, investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi yoki tijorat banki;
xizmatlar haqi toʻlovi – davlat ulushini boshqarish boʻyicha qatʼiy belgilangan mukofot.
II. Ishonchli boshqaruvchining xizmat haqi toʻlovini shakllantirish manbalari
3. Ishonchli boshqaruvchilarga xizmat haqini toʻlash uchun mablagʻlar manbai, agar davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasida oʻzgacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, hisobot yilidagi davlat ulushi boʻyicha davlat budjetiga tushgan dividendlar hisobidan shakllanadi. Bunda, hisobot yilining toʻrtinchi choragi uchun xizmat haqi hisobot yilidan keyingi yilning birinchi choragida davlat budjetida ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar doirasida, hisobot yilida davlat budjetiga dividendlar tushumidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchilarga xizmat haqini toʻlash uchun moʻljallangan, hisobot yilida davlat budjetiga tushgan davlat ulushi boʻyicha dividendlar yetarli boʻlmaganda yoki ular tushmagan (hisoblanmagan) taqdirda, xizmat haqini toʻlash uchun Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi umumiy mablagʻlaridan foydalaniladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (bundan buyon matnda Davlat aktivlari agentligi deb yuritiladi) tomonidan har yili davlat ulushlarini boshqarish xarajatlari smetasining loyihasi shartnomalar, davlat ulushlarini ishonchli boshqaruvga bosqichma-bosqich berish grafigi hamda ishonchli boshqaruvchilarning choraklik hisobotlari asosida choraklarga boʻlgan holda ishlab chiqiladi.
6. Davlat aktivlari agentligi ishonchli boshqaruvchilarga xizmat haqi toʻlovlari smetasi boʻyicha hisob-kitoblarni 1-iyuldan kechiktirmay kelgusi yil davlat budjeti loyihasiga kiritish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga belgilangan tartibda taqdim etadi.
7. Ishonchli boshqaruvchilar davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasida belgilangan shakl va muddatlarda davlat ulushlarini boshqarish faoliyatlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni Davlat aktivlari agentligiga topshiradi.
8. Topshirilgan hisobotlar tahlili asosida Davlat aktivlari agentligi ishonchli boshqaruvchilar xizmat haqi toʻlovlari boʻyicha smetani toʻlash manbalarini koʻrsatgan holda tayyorlaydi va hisobot davridan keyingi ikkinchi oyning 20-sanasigacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Bunda, hisobot yilining toʻrtinchi choragi boʻyicha ishonchli boshqaruvchilar xizmat haqi toʻlovlari smetasi ular tomonidan belgilangan tartibda Davlat aktivlari agentligiga topshirgan yillik hisobotlar asosida tayyorlanadi va hisobot yilidan keyingi yilning 1-apreligacha Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etiladi.
Smetaga faqat hisobot davri uchun ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlari kiritiladi, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tegishli hisobot davri uchun taqdim etilgan smetaga kiritilmagan ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqlari Davlat aktivlari agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshirilmaydi, mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xizmat haqi toʻlovlari smetasining ishonchliligi va toʻgʻri tuzilishi uchun Davlat aktivlari agentligi javobgar hisoblanadi.
9. Taqdim etilgan smeta asosida Iqtisodiyot va moliya vazirligi 10 ish kuni ichida ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqlarini toʻlash uchun smetaga kiritilgan xoʻjalik jamiyatlaridan davlat ulushi boʻyicha tushgan dividendlar hisobidan Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga mablagʻlarni oʻtkazadi.
Davlat aktivlari agentligi davlat ulushlarini boshqarish choraklik xizmat haqlarini toʻlovini quyidagicha amalga oshiradi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat ulushlari boʻyicha budjetga toʻlangan dividendlarning qismi hisobidan Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga tegishli mablagʻlar kelib tushgan paytdan eʼtiboran 10 bank ish kuni ichida;
Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasi umumiy mablagʻlari hisobidan 10 bank ish kuni ichida, agar:
xizmatlar haqini toʻlashda davlat ulushi boʻyicha dividendlar yetarli boʻlmasa;
davlat ulushi boʻyicha dividendlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida koʻrsatilgan boshqa maqsadlarga yoʻnaltirilganda;
aksiyadorlik jamiyati umumiy yigʻilishi (ishtirokchilar yigʻilishi) tomonidan dividendlarni korxonani rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlashga yoʻnaltirish boʻyicha qaror qabul qilinganda;
hisobot davrida haqiqatda jamiyat tomonidan dividendlar toʻlanmaganda;
aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 54-moddasiga muvofiq cheklovlar sababli dividendlar toʻlashning imkoniyati boʻlmaganda;
masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasiga muvofiq cheklovlar sababli foydani taqsimlashning imkoniyati boʻlmaganda.
10. Xizmat haqi toʻlovlari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkazilgandan keyin Davlat aktivlari agentligi bu haqda, shuningdek, shaxsiy hisobvaraqlari yoki hisob-kitob varaqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etish haqida (toʻlov birinchi marta amalga oshirilayotgan boʻlsa) ishonchli boshqaruvchilarni davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasida belgilangan shakl va muddatlarda xabardor qiladi.
Ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini toʻlash Davlat aktivlari agentligi tomonidan ularning bankdagi shaxsiy hisobvaraqlari yoki hisob-kitob varaqlariga tegishli mablagʻlarni oʻtkazib berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
11. Xizmat haqini toʻlash uchun nazarda tutilgan va ishonchli boshqaruvchilar tomonidan talab qilinmagan hamda Davlat aktivlari agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim etmagani sababli ularning shaxsiy hisobvaraqlari yoki hisob-kitob varaqlariga oʻtkazilmagan pul mablagʻlari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasida qoldiriladi.
Bunda, xizmat haqi toʻlovlarini toʻlash uchun davlat budjetidan yuborilgan mablagʻlar Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamgʻarmasida 90 kundan ortiq turib qolgan taqdirda, ushbu mablagʻlar toʻlaligicha davlat budjetiga qaytarilishi lozim.
Agar ishonchli boshqaruvchilar tomonidan 90 kundan keyin xizmat haqi toʻlovini soʻrab murojaat qilinsa, pul mablagʻlari toʻlovi mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
III. Ishonchli boshqaruvchilar xizmatiga haq toʻlashning hisob-kitoblari
12. Agar ulush toʻliq chorak davomida boshqarilmagan boʻlsa, ishonchli boshqaruvchilarga xizmat haqi ulush haqiqatda boshqarilgan davr (ishonchli boshqaruv shartnomasi kuchga kirgan vaqtdan kunlar soni) uchun hisoblanadi.
13. Strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga (tijorat banklariga) hisobot choragi uchun davlat ulushini boshqarish xizmati haqi toʻlovi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt barobarini mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan tegishli koeffitsiyentlarga koʻpaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida davlatning ishonchli vakillarga hisobot choragi uchun davlat ulushini boshqarish xizmati haqi toʻlovi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki barobarini mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan tegishli koeffitsiyentlarga koʻpaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
14. Strategik ahamiyatga ega boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlarida investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilarga (tijorat banklariga) hisobot choragi uchun davlat ulushini boshqarish xizmati haqi toʻlovi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining ikki barobarini mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan tegishli koeffitsiyentlarga koʻpaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Strategik ahamiyatga ega boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlarida davlatning ishonchli vakillariga hisobot choragi uchun davlat ulushini boshqarish xizmati haqi toʻlovi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining bir yarim barobarini mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan tegishli koeffitsiyentlarga koʻpaytirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
15. Ishonchli boshqaruvchilarga hisobot choragi uchun xizmat haqi toʻlovi quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
belgilangan muddatlarda davlat ulushini boshqarish faoliyati boʻyicha hisobotlarni topshirmagan yoki toʻliq topshirmagan va dividendlarning tegishli qismini toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomalari nusxalarini (agar toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlsa) taqdim etmagan holatda;
avvalgi chorakka nisbatan davlat ulushiga hisoblangan dividendlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik koʻpayganda;
ishonchli boshqaruv shartnomasi kuchga kirgandan boshlab olti oydan ortiq vaqt oʻtganda zararlar mavjud boʻlsa.
16. Quyidagi hollarda ishonchli boshqaruvchilarga hisobot choragi uchun xizmat haqi toʻlovi tegishli 0,6 pasayish koeffitsiyentiga kupaytiriladi:
jamiyatning davlat ulushiga hisoblangan dividendlardan muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlsa;
jamiyat tomonidan uning biznes-rejasida nazarda tutilgan sof foydaning choraklik prognoz koʻrsatkichlari bajarilmagan boʻlsa.
Davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Strategik ahamiyatga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi davlat ulushlarini ishonchli boshqarish faoliyati xizmat haqi toʻlovini belgilovchi
KOEFFITSIYENTLAR
T/rIshonchli boshqaruvga berilgan davlat ulushining nominal qiymatdagi miqdori (mln. soʻm)Koeffitsiyent1.500 gacha5,02.700 gacha5,53.900 gacha6,54.1100 gacha7,55.1300 gacha8,56.1500 gacha9,57.1700 gacha10,58.1900 gacha11,59.2100 gacha12,510.2300 gacha13,511.2500 gacha14,012.2700 gacha14,513.2900 gacha15,014.3100 gacha15,515.3300 gacha16,016.3500 gacha16,517.3700 gacha17,018.3900 gacha17,519.4100 gacha18,020.4100 dan koʻp18,5
Davlat ulushlarini ishonchli boshqarish boʻyicha ishonchli boshqaruvchilarning xizmat haqi toʻlovlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Strategik ahamiyatga ega boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlarining ustav fondlaridagi davlat ulushlarini ishonchli boshqarish faoliyati xizmat haqi toʻlovini belgilovchi
KOEFFITSIYENTLAR
T/rIshonchli boshqaruvga berilgan davlat ulushining nominal qiymatdagi miqdori (mln. soʻm)Koeffitsiyent1.500 gacha4,52.700 gacha5,03.900 gacha5,54.1100 gacha6,05.1300 gacha6,56.1500 gacha7,07.1700 gacha7,58.1900 gacha8,09.2100 gacha8,510.2300 gacha9,011.2500 gacha9,512.2700 gacha10,013.2900 gacha10,514.3100 gacha11,015.3300 gacha11,516.3500 gacha12,017.3700 gacha12,518.3900 gacha13,019.4100 gacha13,520.4100 dan koʻp14,0
