Byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-1604-son)
25.08.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 24-avgustdagi PF-4354-sonli Farmoniga muvofiq hamda xususiy mulkchilikni rivojlantirish yoʻlida ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik faoliyati koʻlamlarini kengaytirish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni koʻpaytirishda kichik biznes subyektlarining faol ishtirok etishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Hukumat qarorlari bilan belgilangan tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berishga doir 1-ilovaga muvofiq hujjatlarning amal qilishi 2011-yilning 1-sentabridan boshlab bekor qilinsin.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ruxsatnomalar va ruxsat berish tartibotlarining yangi turlarini joriy etish taqiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Adliya vazirligi ishtirokida bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni puxta xatlovdan oʻtkazsin hamda bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirishga doir zamonaviy shart-sharoit va talablarga javob bermaydigan, tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklaydigan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
2. 2011-yil 1-oktabridan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
kichik sanoat ishlab chiqarishlarni joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratishga doir murojaatlarning vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqish va kelishish muddati bir oydan oshmasligi shart;
mahalliy davlat hokimiyati organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi bilan birgalikda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining davlat mulki boʻlgan, vaqtincha boʻshab yotgan va ishlatilmaydigan xonalarni ularda ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish uchun ijaraga berish boʻyicha murojaatlarini 7 kun mobaynida koʻrib chiqilishini taʼminlashga majburdirlar;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, shu jumladan ishlab chiqarish obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun zarur boʻlgan ruxsat etuvchi hujjatlarni berish “bir darcha” tamoyili boʻyicha amalga oshiriladi, bunda vakolatli davlat organlariga ularni zarur hollarda kelishishni taʼminlash vazifasi yuklatiladi;
ruxsat etuvchi hujjatlarni berish muddati tadbirkorlik subyektlari ariza bergan vaqtdan boshlab, 30 ish kunidan oshmagan holda chegaralanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan alohida xususiyatli faoliyat turlari bundan mustasno.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari uchun ishlab chiqarish obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishga doir hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan tartibotlarni tubdan soddalashtirish va arzonlashtirish boʻyicha aniq takliflarni 2011-yil 1-oktabrigacha Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasining 2011-yil 1-oktabrdan boshlab, tajriba tariqasida, eksportga yetkazib berish bilan bogʻliq boʻlgan tartibotlarni bojxona rasmiylashtiruvi, deklaratsiya qilish, sertifikatlashtirish, sanitariya-epidemiologiya nazorati va tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida qatnashadigan boshqa tashkilotlar faoliyatini bir vaqtning oʻzida amalga oshirilishini taʼminlaydigan “bir darcha” tamoyili asosida bajarish mexanizmini bosqichma-bosqich joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda bojxona va sertifikatsiyalash jarayonlarini soddalashtirishni, ularning muddatlari va narxlarini qisqartirishni nazarda tutgan holda eksport operatsiyalarini “bir darcha” tamoyili boʻyicha amalga oshirish toʻgʻrisidagi vaqtincha nizomni tasdiqlasin.
6. Tovarlarni eksport qilishda toʻlanadigan bojxona rasmiylashtiruvi yigʻinlarining amaldagiga qaraganda oʻrtacha 2 marotabaga kamaytirishni nazarda tutuvchi yangi stavkalari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 25-avgust,
PQ-1604-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga 1-ILOVA
2011-yil 1-sentabrdan bekor qilinayotgan ruxsat berish tartibotlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga 2-ILOVA
Tovarlar va xizmatlarni eksport qilishda bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlanadigan yigʻimlar
STAVKALARI
T/r Bojxona yigʻimi turi Yigʻimlar stavkalari 1. Bojxona rasmiylashtiruvi uchun: “eksport” bojxona rejimidagi tovarlar va transport vositalari Bojxona qiymatidan 0,1 foiz, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidagi tovarlar Tovarlarni qayta ishlash xizmatlari qiymatidan 0,1 foiz, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan kam boʻlmagan miqdorda 2. “Eksport” bojxona rejimiga joylashtirilayotgan tovarning bojxona rasmiylashtiruvini xodim tomonidan buni rasmiylashtirish joyidan va (yoki) bojxona organlarining ishlamaydigan vaqtida boshqa joyda amalga oshirish, bir xodimning bir soat ishlashi hisobidan Bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Birjadan tashqari valyuta bozorini yanada rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 29-iyundagi 245-son qarori 4-bandida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 6-son, 33-modda):
a) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“belgilangan muddatlari oʻtgandan keyin xorijiy valyuta tushumi tushishini 30 bank kunidan koʻproq (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun — 60 bank kuni) kechikishiga yoʻl qoʻygan yuridik shaxs-rezidentlar respublika budjeti foydasiga jarima toʻlaydilar:
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 180 kungacha kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan 10 foiz ekvivalentida;
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 180 kundan 365 kungacha kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan 20 foiz ekvivalentida;
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 365 kundan ortiq muddatga kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan qoʻshimcha ravishda 70 foiz ekvivalentida”;
b) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishli ravishda yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 9-avgustdagi 189-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 8-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan xorijiy mamlakatlardagi ular tashkil etgan savdo uylari, vakolatxonalar, korxonalar orqali, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasining xorijiy mamlakatlardagi savdo-investitsiya uylari orqali olib chiqilayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 5-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Chet eldan valyuta tushumi tushishini belgilangan muddatlari oʻtgandan keyin 30 bank kunidan koʻproq muddatga kechikishiga yoʻl qoʻygan eksportchiga (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun — 60 bank kuni) nisbatan soliq organlari tomonidan quyidagi sanksiyalar qoʻllaniladi”:
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 180 kungacha kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan 10 foiz ekvivalentida;
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 180 kundan 365 kungacha kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan 20 foiz ekvivalentida;
valyuta tushumi tushishi belgilangan muddatdan 365 kundan ortiq muddatga kechikkanda — tushmagan valyuta mablagʻlari summasiga nisbatan qoʻshimcha ravishda 70 foiz ekvivalentida”;
b) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda oltinchi va yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
