86-modda. Ekspertning majburiyatlari va javobgarligi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ekspert: ushbu Kodeksning 25 va 26-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad etishi haqida darhol arz qilishi; oʻziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; sudning chaqiruviga binoan sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; oʻzi oʻtkazgan ekspertiza xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi; ekspertizani oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi; sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Agar ekspert sud uzrsiz deb topgan sabablarga koʻra sudning chaqiruvi boʻyicha kelmasa, unga eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Bila turib yolgʻon xulosa berganlik, sud uzrsiz deb topgan sababga koʻra shuningdek xulosa berishni rad etganlik yoki bu ishdan boʻyin tovlaganlik uchun ekspert Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishincha 238 va 240-moddalari boʻyicha javobgar boʻladi.
