63-modda. Dalillarni taʼminlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Dalillarni taʼminlash ushbu Kodeksda belgilangan dalillarni toʻplash va tekshirish qoidalari boʻyicha sud tomonidan amalga oshiriladi. Arizachi va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga dalillarni taʼminlash vaqti va joyi haqida maʼlum qilinadi, biroq ularning kelmasligi dalillarni taʼminlash haqidagi ariza koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qilmaydi. Kechiktirish, shuningdek keyinchalik arizachi bilan kimning oʻrtasida nizo kelib chiqishini aniqlash mumkin boʻlmagan hollarda, dalillarni taʼminlash faqat birgina arizachining oʻzini xabardor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Dalillarni taʼminlash tartibida taraflarning, uchinchi shaxslarning tushuntirishlari eshitiladi, guvohlar soʻroq qilinadi, ekspertiza tayinlanadi, yozma va ashyoviy dalillar talab qilib olinadi yoki koʻzdan kechiriladi, joyga borib koʻzdan kechirish oʻtkaziladi.
Dalillarni taʼminlash tartibida toʻplangan barcha materiallar ishni koʻrayotgan sudga yuboriladi yoki arizachiga beriladi.
