43-modda. Protsessual huquqiy vorislik
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Nizoli yoki sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan taraflarning biri, uchinchi shaxs yoki ularning qonuniy vakili chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning oʻlimi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, boshqa shaxs foydasiga talabdan voz kechish, qarzning boshqa shaxsga oʻtkazilishi va h. k.) sud bu shaxslar ularning huquqiy vorislari bilan almashtirilishiga yoʻl qoʻyadi. Huquqiy vorislik protsessning har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkin. Huquqiy vorisning protsessga kirishganligi haqida sud ajrim chiqaradi.
Huquqiy voris protsessga kirishguniga qadar amalga oshirilgan barcha harakatlar huquqiy vorisga oʻrnini boʻshatib bergan shaxsga qay darajada majburiy boʻlgan boʻlsa, huquqiy vorisga ham shu darajada majburiydir. Protsessual huquqiy vorislik amalga oshirilganida oʻz huquqini topshirgan shaxs sud protsessining qaysi bosqichidan chiqib ketgan boʻlsa, ishni koʻrib chiqish shu bosqichdan davom ettiriladi, lekin huquqiy voris ishga doir hamma materiallar bilan tanishishga haqli.
