383-modda. Hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masalaning birinchi instansiya sudi tomonidan hal qilinishi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishni yangidan koʻrish uchun topshirilgan sud oʻz tashabbusi bilan qaytarma ijro toʻgʻrisidagi masalani koʻrishi va uni yangi hal qiluv qarorida yoki ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimda hal qilishi shart.
Ishni yangidan koʻrayotgan sud bekor qilingan hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi masalasini hal qilmagan taqdirda, javobgar bu sudga qaytarma ijro toʻgʻrisida ariza berishga haqli. Bu ariza ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda sud majlisida koʻriladi. Biroq, bu shaxslarning kelmasligi sud oldiga qoʻyilgan masalaning hal etilishi uchun toʻsqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi ariza davlat boji toʻlamagan holda umumiy daʼvo muddati davomida berilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi toʻgʻrisidagi masala boʻyicha sudning chiqargan ajrimi ustidan xususiy shikoyat berilishi yoki xususiy protest keltirilishi mumkin.
