38-modda. Fuqarolik protsessual muomala layoqati
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sudda oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirish layoqati voyaga yetgan fuqarolar va tashkilotlarga tegishlidir.
Voyaga yetmagan, yaʼni yoshi oʻn toʻrtdan oʻn sakkizgacha boʻlgan fuqarolarning, shuningdek muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari sudda ularning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylar tomonidan himoya qilinadi. Ammo bu hol voyaga yetmaganlarni va muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarni bunday ishlarda shaxsan ishtirok etish huquqidan mahrum qilmaydi.
Mehnat bilan bogʻliq huquqiy munosabatlardan va olingan ish haqini yoki boshqa daromadni tasarruf etish bilan bogʻliq bitimlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha voyaga yetmaganlar sudda oʻz huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini shaxsan himoya qilish huquqiga egadirlar. Bunday ishlarda voyaga yetmaganlarga yordam berish uchun ularning ota-onalarini, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylarni jalb qilish masalasini sud hal etadi.
Oʻn olti yoshga toʻlgan voyaga yetmagan shaxs qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muomalaga toʻla layoqatli deb eʼlon qilingan (emansipatsiya) taqdirda sudda oʻz huquqlari va majburiyatlarini shaxsan amalga oshirishi mumkin.
Yosh bolalarning, yaʼni oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan fuqarolarning, shuningdek ruhiy kasallik yoki aqli zaifligi tufayli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini sudda ularning qonuniy vakillari — ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar yoki homiylar himoya qiladilar.
