372-modda. Ijro varaqasi berish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Har bir hal qiluv qarori boʻyicha bitta ijro varaqasi beriladi. Biroq, agar ijro turli joylarda yoki bir necha undiruvchining foydasiga amalga oshiriladigan boʻlsa, sud undiruvchilarning iltimosiga binoan ijro joyini yoki hal qiluv qarori ijrosining har bir ijro varaqasiga tegishli qismini aniq koʻrsatgan holda bir necha ijro varaqasi beradi.
Bir necha javobgardan pul summalarini undirish toʻgʻrisidagi hukm yoki hal qiluv qarori asosida javobgarlarning soni boʻyicha bir necha ijro varaqasi beriladi. Bunda, agar sherik javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan boʻlsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi koʻrsatilishi va sherik javobgar ekanligi koʻrsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab oʻtilishi lozim.
Ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosiga koʻra ijro qilish uchun bevosita sud tomonidan yuboriladi.
