361-modda. Ishni nazopat tartibida koʻpayotgan sudning vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼati nazorat tartibidagi protestni koʻrib chiqib:
1) hal qiluv qarorini yoki ajrimni oʻzgarishsiz, nazorat tartibidagi protestni qanoatlantirmay qoldirishga;
2) ushbu Kodeks 314-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini yoki ajrimni butunlay yoxud qisman bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
3) bir nechta protsessual harakatlarni joyida amalga oshirish zarur boʻlgan taqdirda, hal qiluv qarorini yoki ajrimni butunlay yoxud qisman bekor qilishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga;
4) hal qiluv qarorini yoki ajrimni butunlay yoki qisman bekor qilishga va arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga;
5) ish boʻyicha qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
6) hal qiluv qarorini yoki ajrimni bekor qilishga yoxud oʻzgartirishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormasdan, yangidan sud qarorini qabul qilishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati nazorat tartibidagi protestni koʻrib chiqib:
1) hal qiluv qarorini yoki ajrimni oʻzgarishsiz, nazorat tartibidagi protestni qanoatlantirmay qoldirishga;
2) ish boʻyicha qabul qilingan sud qarorlaridan birini oʻz kuchida qoldirishga;
3) hal qiluv qarorini yoki ajrimni butunlay yoki qisman bekor qilishga va arizani koʻrmasdan qoldirishga yoxud ish yuritishni tugatishga;
4) hal qiluv qarorini yoki ajrimni bekor qilishga yoxud oʻzgartirishga va ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormasdan, yangidan sud qarorini qabul qilishga haqli.
