330-modda. Daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Apellatsiya shikoyati berilgan yoki protest keltirilgandan keyin daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi, javobgarning daʼvogar talablarini tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi tuzishi yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda, apellatsiya instansiyasi sudiga topshirilishi lozim. Agar ishni koʻrish vaqtida daʼvogar arz qilgan talablaridan voz kechsa, javobgar arz qilingan talablarni tan olsa yoki taraflar kelishuv bitimi tuzsalar, bu haqda sud majlisining bayonnomasiga yozib qoʻyiladi va bayonnomani tegishincha daʼvogar, javobgar yoki har ikki taraf imzolaydi.
Sud daʼvodan voz kechishni qabul qilishdan yoki kelishuv bitimini tasdiqlashdan oldin daʼvogarga yoki taraflarga bunday protsessual harakatlarning oqibatlarini tushuntiradi.
Apellatsiya instansiya sudi daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishini qabul qilganida yoki taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlaganida chiqarilgan hal qiluv qarorini bekor qiladi va ish yuritishni tugatadi.
Agar daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishi yoki taraflarning kelishuv bitimi qonunga zid boʻlsa yoxud birovning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga xilof boʻlsa, sud voz kechishni rad qilib yoki tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlamay, ishni apellatsiya tartibida koʻradi.
