3095-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda beriladi va hal qiluv qarori yuzasidan nizolashayotgan hakamlik muhokamasi tarafi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) nizolashilayotgan hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi, joylashgan yeri;
3) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi, shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
5) mazkur hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat etgan hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining nizolashilayotgan hal qiluv qarorini olgan sana;
6) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talab va mazkur qaror qanday asoslar boʻyicha nizolashilayotganligi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizada telefonlar, fakslar raqamlari, elektron pochta manzillari va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan nusxasi. Doimiy faoliyat koʻrsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak;
2) hakamlik bitimining tegishli tarzda tasdiqlangan nusxasi;
3) hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi talabni asoslash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
4) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza javobgarlarning soniga mutanosib miqdordagi nusxalari bilan birga sudga beriladi, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ariza bundan mustasno.
