30913-modda. Sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha ajrimi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ushbu Kodeksda hal qiluv qarori qabul qilish uchun nazarda tutilgan qoidalarga binoan ajrim chiqaradi.
Sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimida quyidagilar ham boʻlishi kerak:
1) hal qiluv qarorini qabul qilgan hakamlik sudining nomi va tarkibi;
2) hakamlik muhokamasi taraflarining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
3) hakamlik sudining hal qiluv qarori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berish yoki ijro varaqasi berishni rad etish uchun koʻrsatma.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish rad etilganligi hakamlik muhokamasi taraflarining, agar hakamlik sudiga murojaat etish imkoniyati yoʻqolmagan boʻlsa, hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangitdan murojaat etishiga yoki ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudga murojaat etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish hakamlik bitimining haqiqiy emasligi oqibatida yoki hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga toʻgʻri kelmaydigan nizo boʻyicha chiqarilganligi yoxud unda hakamlik bitimida qamrab olinmagan masalalar boʻyicha toʻxtamlar mavjudligi yoinki nizo hakamlik muhokamasining predmeti boʻlishi mumkin emasligi oqibatida sud tomonidan toʻliq yoki qisman rad etilgan boʻlsa, hakamlik muhokamasi taraflari bunday nizoni hal qilish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga binoan sudga murojaat etishlari mumkin.
Sudning hakamlik sudi hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi darhol ijro etilishi kerak.
