2976-modda. Ishni koʻrish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish haqidagi yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ish sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish haqida yoki uning ushbu muassasada yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda mazkur shaxs dispanser hisobida turgan yoxud davolanayotgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining vakili — tibbiy komissiyasi aʼzosi, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning vakili, shuningdek prokuror ishtirokida sud tomonidan koʻrib chiqiladi. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, ishi sudda koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar uning sogʻligʻi holati imkon bersa, sud majlisiga chaqirilishi mumkin.
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi vakilining — tibbiy komissiyasi aʼzosining, sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxs vakilining sud majlisiga uzrsiz sababga koʻra kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga monelik qilmaydi, biroq sud bu shaxslarning kelishini shart deb topishi mumkin.
