2856-modda. Sudning hal qiluv qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ishni mazmunan koʻrib chiqib, farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizani qanoatlantirish toʻgʻrisida yoxud uni qanoatlantirishni butunlay yoki qisman rad etish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olingan bolaning tugʻilishi yozilgan daftarga oʻzgartirishlar kiritish uchun zarur boʻlgan farzandlikka olingan va farzandlikka oluvchilar (oluvchi) toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Bola bitta shaxs tomonidan farzandlikka olinayotganda uning manfaatlarini koʻzlab, agar farzandlikka oluvchi erkak boʻlsa, onasining xohishiga koʻra yoki agar farzandlikka oluvchi ayol boʻlsa, otasining xohishiga koʻra, shuningdek agar farzandlikka olinayotgan bolaning otasi yoki onasi vafot etgan boʻlsa, vafot etgan ota yoki ona ota-onasining (buvaning yoki buvining) iltimosiga koʻra sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi qarorida farzandlikka olingan bolaning otasi yoki onasi bilan yoxud vafot etgan otasining yoki onasining qarindoshlari bilan huquqiy munosabatlari saqlab qolinishi koʻrsatib oʻtiladi.
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza qanoatlantirilgan taqdirda, farzandlikka oluvchilar (oluvchi) va farzandlikka olinayotgan bolaning oʻzaro huquq va majburiyatlari farzandlikka olingan bolaning tugʻilishini yozish daftariga zarur oʻzgartirishlar kiritilgan kundan eʼtiboran belgilanadi.
Sud farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab uch kun ichida ushbu hal qiluv qaroridan koʻchirmani farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganligi roʻyxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuborishi shart.
