2853-modda. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilingan boʻlishi kerak:
nikohda turgan shaxslar (shaxs) tomonidan farzandlikka olinganda — farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasining koʻchirma nusxasi;
er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinganda — boshqasining roziligi. Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan boʻlsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi nomaʼlum boʻlsa, shuningdek bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi;
nikohda turmagan shaxs tomonidan farzandlikka olinganda — farzandlikka oluvchi pasportining koʻchirma nusxasi va nikohda turmasligi haqidagi maʼlumotnoma;
farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) sogʻligʻi holati haqida tibbiy xulosa (psixiatriya, sil kasalligiga qarshi kurash va narkologiya muassasalari, shuningdek OITSga qarshi kurash markazlarining maʼlumotnomalari);
farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnoma yoki boshqa daromad manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
turar joyga boʻlgan mulk huquqini yoki turar joydan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
fuqaro farzandlikka olishga nomzod sifatida hisobga qoʻyilganligi haqidagi hujjat.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining boshqa davlat fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizasiga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
farzandlikka olinayotgan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bola qonuniy vakilining va bola qaysi davlat fuqarosi boʻlsa, oʻsha davlat vakolatli organining roziligi;
farzandlikka olinayotgan bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma;
farzandlikka olinayotgan bolaning sogʻligʻi holati, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
oʻn yoshga toʻlgan farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga, shuningdek familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) uning ota-onasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, bundan Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.
