273-modda. Notarial harakatlar yoki bunday harakatlarni bajarishni rad etganlik ustidan shikoyat berish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Manfaatdor shaxs bajarilgan notarial harakatlarni yoki notarial harakatni bajarish rad etilganligini notoʻgʻri deb hisoblasa, bu haqda u notarial idora joylashgan hududdagi sudga shikoyat berishga haqli.
Mansabdor shaxslar tomonidan vasiyatnomalar va ishonch qogʻozlari notoʻgʻri tasdiqlanganligi yoki ularni tasdiqlash rad etilganligi haqidagi shikoyatlar tegishli kasalxona, boshqa statsionar davolash-profilaktika muassasasi, sanatoriy, qariyalar va nogironlar uyi, ekspeditsiya, gospital, harbiy davolash muassasasi, harbiy qism, qoʻshilma, harbiy oʻquv yurti, jazoni ijro etish joyi oʻrnashgan hududdagi sudga beriladi.
Notarial harakat notoʻgʻri bajarilganligi yoki uni bajarish rad etilganligi haqidagi shikoyatlar notarial harakat notoʻgʻri bajarilganligi yoki bunday harakatni bajarish rad etilganligi arizachiga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddatda beriladi.
Shikoyatda bajarilgan notarial harakatning yoki bunday harakatni bajarishni rad etishning notoʻgʻriligi nimalardan iborat ekanligi koʻrsatilishi lozim.
Shikoyat berish muddati oʻtkazib yuborilganda uni tiklash haqidagi iltimos sud tomonidan umumiy asoslarda hal qilinadi.
Qarzdor notarius yoki konsul tomonidan berilgan ijro xati xususida umumiy tartibda daʼvo taqdim etish yoʻli bilan nizolashishi mumkin.
Bajarilgan notarial harakat negizida manfaatdor shaxslar oʻrtasida kelib chiqqan huquqqa doir nizo taalluqliligiga qarab, sud tomonidan koʻriladi.
