27-modda. Ishni koʻrishda sudyaning takror ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Fuqarolik ishini birinchi instansiya sudida koʻrgan sudya, agar sudning hal qiluv qarori apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi tomonidan yoxud sud nazorati tartibida bekor qilingan boʻlsa, bu ishni takror koʻrishi mumkin emas.
Fuqarolik ishini birinchi instansiya sudida koʻrgan sudya shu ishni apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida yoxud sud nazorati tartibida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
Ishni apellatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya sudida yoki kassatsiya instansiyasi sudida yoxud sud nazorati tartibida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
Ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya sudida yoki apellatsiya instansiyasi sudida yoxud sud nazorati tartibida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
Ishni sud nazorati tartibida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellatsiya va kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
