269-modda. Shikoyat berish
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Jismoniy yoki yuridik shaxs oʻzining huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan bevosita sudga yoki boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.
Boʻysunuv tartibidagi yuqori turuvchi organlar, mansabdor shaxslar shikoyatni bir oy muddat ichida koʻrib chiqishi shart. Agar jismoniy yoki yuridik shaxsning shikoyatiga rad javobi berilsa yoki u shikoyat bergan kundan eʼtiboran bir oy ichida javob olmasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Shikoyat huquqlari va erkinliklari buzilgan jismoniy yoki yuridik shaxs yoxud uning vakili, shuningdek jismoniy shaxsning iltimosiga binoan tegishli ravishda vakolat berilgan jamoat birlashmasining, mehnat jamoasining vakili tomonidan berilishi mumkin.
Harbiy xizmatchi oʻzining huquqlari va erkinliklarini buzayotgan harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda harbiy sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli.
