24-modda. Yoʻqolgan sud ishini tiklash
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Fuqarolik ishi boʻyicha yoʻqolgan sud ishini sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning, prokurorning arizasiga, shuningdek oʻz tashabbusiga binoan tiklashi mumkin.
Yoʻqolgan sud ishi toʻliq yoxud uning birinchi instansiya yoki yuqori instansiya sudi fikriga koʻra tiklanishi zarur boʻlgan qismi tiklanadi. Sudning hal qiluv qarori yoki ish yuritishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimi, agar ular ish yuzasidan chiqarilgan boʻlsa, albatta tiklanishi shart.
Yoʻqolgan sud ishini tiklash toʻgʻrisidagi ariza ishni koʻrgan sudga beriladi.
Arizada ishga doir maʼlumotlar toʻliq bayon etilishi lozim. Arizachida saqlanib qolgan va ishga daxldor boʻlgan hujjatlar yoki ularning nusxalari, garchi ular belgilangan tartibda tasdiqlanmagan boʻlsa ham, arizaga ilova qilinadi.
Sud ishni koʻrish vaqtida ishning saqlanib qolgan qismidan, sud ishi yoʻqolguniga qadar undan fuqarolar va tashkilotlarga olib berilgan hujjatlardan, bu hujjatlarning nusxalaridan, ishga daxldor boʻlgan boshqa maʼlumotlar va qogʻozlardan foydalanadi.
Sud protsessual harakatlarni bajarish vaqtida hozir boʻlgan shaxslarni, zarur hollarda esa, yoʻqolgan sud ishini koʻrgan sud tarkibiga kirgan shaxslarni ham guvoh sifatida soʻroq qilishi mumkin.
Toʻplangan materiallar yoʻqolgan sud ishini aniq tiklash uchun yetarli boʻlmasa, sud ajrim chiqarib, sud ishini tiklash toʻgʻrisidagi arizani koʻrishni tugatadi. Bu holda arizachi umumiy tartibda daʼvo taqdim etishga haqli.
Arizachi yoʻqolgan sud ishini tiklash toʻgʻrisidagi ishni koʻrish vaqtida sud tomonidan sarf qilingan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod qilinadi. Bila turib yolgʻon ariza berilgan boʻlsa, sud xarajatlari arizachidan undirib olinadi.
