2383-modda. Sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi arizaning shakli va mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud buyrugʻini chiqarish toʻgʻrisidagi ariza sudga ushbu Kodeksning 22-bobida belgilangan sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi.
Ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda beriladi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) undiruvchining nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi (yuridik shaxsning joylashgan yeri va rekvizitlari);
3) qarzdorning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) hamda uning yashash joyi (yuridik shaxsning joylashgan yeri va rekvizitlari);
4) undiruvchining talabi va talabga asos boʻlgan holatlar;
5) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova etilayotgan hujjatlar roʻyxati.
Koʻchar mol-mulk talab qilingan taqdirda arizada ushbu mol-mulkning qiymati koʻrsatilishi lozim.
Ariza undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan berilayotgan arizaga uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova etilishi kerak.
