21-modda. Bayonnomaning mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud majlisining bayonnomasida ishni koʻrishning yoki alohida protsessual harakatlarni amalga oshirishning barcha muhim jihatlari aks ettirilishi lozim. Sud majlisining bayonnomasida, xususan, quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi boʻlib oʻtgan yil, oy, kun va joy;
2) sud majlisi boshlangan va tamomlangan vaqt;
3) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sud tarkibi va sud majlisining kotibi;
4) ishning nomi;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovga koʻmaklashayotgan shaxslarning kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sudning taraflar va protsessning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntirganligi;
7) ushbu moddaning 5-bandida koʻrsatilgan shaxslarga chaqiruv qogʻozi topshirilganligi toʻgʻrisidagi va ular sud majlisiga kelmaganligining sabablari haqidagi maʼlumotlar;
8) raislik qiluvchining barcha farmoyishlari va sudning alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqmasdan chiqargan ajrimlari;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari;
10) sudga taqdim etilgan hamma yozma va ashyoviy dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
11) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari, mutaxassislarning fikrlari, ashyoviy va yozma dalillarni koʻzdan kechirishga taalluqli maʼlumotlar;
12) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
13) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori oʻqib eshittirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
