198-modda. Sud muzokaralari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud muzokaralari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nutqlaridan iborat boʻladi.
Sud muzokarasida qatnashuvchilar oʻz nutqlarida sud aniqlamagan holatlarni, shuningdek sud majlisida tekshirilmagan dalillarni vaj qilib keltirishga haqli emaslar.
Dastlab daʼvogar va uning vakili, keyin javobgar va uning vakili soʻzlaydi. Boshlangan protsessda nizo predmetiga nisbatan mustaqil talabi borligini arz qilgan uchinchi shaxs va uning vakili taraflardan keyin soʻzlaydi. Nizo predmetiga nisbatan mustaqil talabi borligini arz qilmagan uchinchi shaxs va uning vakili shu uchinchi shaxs ishda qaysi daʼvogar yoki javobgar tomonida ishtirok etuvchi boʻlsa, ana shu daʼvogar yoki javobgardan keyin soʻzlaydi.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat etgan prokuror, shuningdek davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar vakillari yoki ayrim fuqarolar sud muzokaralarida birinchi boʻlib soʻzlaydilar.
Sud tomonidan protsessda ishtirok qilishga jalb etilgan yoki protsessga oʻz tashabbusi bilan kirishgan davlat boshqaruvi organlarining vakillari sud muzokaralarida taraflar va uchinchi shaxslardan keyin soʻzlaydilar.
Muzokara ishtirokchilari bir-birlariga luqma tashlashlari mumkin. Oxirgi luqma huquqiga doimo javobgar va uning vakili ega boʻladi.
