174-modda. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud majlisiga kelmaganligining oqibatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishda ishtirok etuvchi shaxslardan birortasi sud majlisiga kelmagan taqdirda, unga chaqiruv qogʻozi topshirilganligi toʻgʻrisida maʼlumot boʻlmasa, sud ishni koʻrishni keyinga qoldiradi.
Agar ishda ishtirok etuvchi shaxslar tegishli tartibda sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilingan boʻlib, sud uzrli deb topgan sabablarga koʻra sud majlisiga kelmagan boʻlsalar, sud ishni koʻrishni keyinga qoldiradi.
Taraflar sudga kelmaslik sabablari haqida maʼlumot berishlari va bu sabablarning uzrliligiga dalillar taqdim etishlari shart. Basharti javobgarning kelmaganlik sabablari haqida maʼlumot boʻlmasa yoki sud kelmaganlik sabablarini uzrsiz deb topsa yoxud javobgar ish yuritilishini qasddan choʻzayotgan boʻlsa, sud ishni koʻrishga haqli.
Taraflar ishni oʻzlarining ishtiroklarisiz koʻrishni va oʻzlariga sudning hal qiluv qaroridan nusxa yuborishni iltimos qilishga haqli. Agar ishning holatlari boʻyicha zarur boʻlsa, sud taraflarning sud majlisida ishtirok etishini shart deb topishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili ishni sudda koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilingan boʻlishiga qaramay, sudga kelmaganligi ishni koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Prokuror yoki advokatning uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi toʻgʻrisida sud xususiy ajrim chiqaradi va bu haqda tegishli yuqori turuvchi prokurorga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga maʼlum qiladi.
