149-modda. Arizaning mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Arizada quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
1) ariza berilayotgan sudning nomi;
2) daʼvogarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va yashash joyi, agar daʼvogar tashkilot boʻlsa, uning nomi va qayerda joylashganligi, shuningdek agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va manzili;
3) javobgarning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi), yashash joyi yoki agar javobgar tashkilot boʻlsa, uning nomi va qayerda joylashganligi;
4) daʼvogarning talabi;
5) agar daʼvoni baholash lozim boʻlsa, uning bahosi;
6) daʼvogar oʻzining talablariga asos qilib koʻrsatayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlaydigan dalillar;
7) arizaga ilova qilingan hujjatlarning roʻyxati.
Ariza daʼvogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Agar ariza vakil tomonidan berilgan boʻlsa, arizaga ishonchnoma yoki uning vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.
Boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokuror, davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar yoki ayrim fuqarolar tomonidan beriladigan arizalarda, shu moddada sanab oʻtilgan maʼlumotlardan tashqari, ariza kimning manfaatini koʻzlab berilgan boʻlsa, oʻsha shaxsning nomi (familiyasi, ismi va otasining ismi) va manzili koʻrsatilishi lozim.
Arizada daʼvogarning yoki uning vakilining, shuningdek boshqa tarafning telefonlari va fakslari raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Arizada elektron manzil koʻrsatilganligi arizachining sud chaqiruv qogʻozlarini va boshqa xabarnomalarni, sud hal qiluv qarorlarining va ajrimlarining nusxalarini axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga boʻlgan roziligini bildiradi.
