132-modda. Sudning chaqiruv qogʻozlari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar sud chaqiruv qogʻozlari, zarur hollarda esa telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini taʼminlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali sudga chaqiriladi hamda sudning ayrim protsessual harakatlari toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
Sudya chaqiruv qogʻozi bilan bir vaqtda javobgarga arizaning va arizaga ilova qilingan hujjatlarning nusxalarini ham yuboradi.
Agar javobgar sudga yozma tushuntirish bergan boʻlsa, sudya sudga murojaat qilgan shaxsga chaqiruv qogʻozi bilan birga ana shu tushuntirish xatining nusxasini ham yuboradi.
Telefonogrammalar, telegrammalar va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishini taʼminlaydigan boshqa aloqa vositalari orqali sudga chaqirilgan yoki sudning ayrim protsessual harakatlari toʻgʻrisida xabardor qilingan hollarda, telefonogrammalar, telegrammalar, axborot tizimi orqali elektron shaklda yuborilgan sud chaqiruv qogʻozining nusxasi ish materiallariga qoʻshib qoʻyiladi.
