127-modda. Protsessual muddatlarni hisoblash
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Protsessual muddatlar yillar, oylar va kunlar bilan hisoblanadi. Muddatning oʻtishi kalendar sananing yoki muddatning boshlanishi deb belgilangan voqea yuz bergan kunning ertasidan boshlanadi.
Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tamom boʻladi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat tegishli oyda va muddat oxirgi oyining tegishli kunida tamom boʻladi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning oxiri tegishli kuni boʻlmagan oyga toʻgʻri kelsa, muddat shu oyning oxirgi kunida tamom boʻladi. Bu muddatning oxirgi kuni ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelgan taqdirda undan keyingi birinchi ish kuni muddatning tamom boʻlish kuni hisoblanadi.
Muddati belgilangan protsessual harakat muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha bajarilishi mumkin.
Agar protsessual harakat sudda bajarilishi lozim boʻlsa, belgilangan qoidalarga muvofiq sudda ish tugagan soatda muddat tamom boʻlgan hisoblanadi.
Agar ariza, shikoyat, hujjatlar yoki pul summasi muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtgacha aloqa tashkilotiga topshirilgan boʻlsa, muddat oʻtmagan hisoblanadi.
