116-modda. Sud xarajatlarini taraflar oʻrtasida taqsimlash
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Hal qiluv qarori qaysi tarafning foydasiga chiqarilgan boʻlsa, sud shu tarafga ikkinchi tarafdan, garchi bu taraf davlat daromadiga tushadigan sud xarajatlarini toʻlashdan ozod etilgan boʻlsa-da, ish boʻyicha qilingan hamma xarajatlarni undirib beradi.
Agar arz qilingan talablar qisman qanoatlantirilgan boʻlsa, ushbu moddada koʻrsatilgan summalar javobgardan daʼvogarga talablarning sud qanoatlantirgan qismiga mutanosib ravishda, javobgarga esa, daʼvogardan u arz qilgan talablarning rad etilgan qismiga mutanosib ravishda undirib beriladi.
Ushbu moddada bayon qilingan qoidalar apellatsiya, kassatsiya shikoyati va nazorat tartibida protest keltirishni soʻrab ariza berganda taraflar toʻlagan davlat bojiga ham taalluqlidir.
Agar yuqori turuvchi sud ishni yangidan koʻrib chiqish uchun yubormay, chiqarilgan hal qiluv qarorini oʻzgartirsa yoki yangi hal qiluv qarori chiqarsa, u sud xarajatlari taqsimotini ham tegishlicha oʻzgartiradi.
