100-modda. Ish yuritishni tugatish asoslari
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud quyidagi hollarda ish yuritishni tugatadi:
1) ish sudga taalluqli boʻlmasa;
2) ayni bir taraflar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha chiqqan nizo yuzasidan sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki daʼvogarning arz qilgan talablaridan voz kechishini qabul qilish toʻgʻrisidagi yoxud taraflarning kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa;
3) daʼvogar arz qilgan talablaridan voz kechgan va sud bu voz kechishni qabul qilgan boʻlsa;
4) taraflar kelishuv bitimi tuzgan boʻlsalar va u sud tomonidan tasdiqlangan boʻlsa;
5) ishni sudda koʻrishga tayyorlash vaqtida javobgar daʼvogarning talablarini tan olgan boʻlsa va bu tan olish sudya tomonidan qabul qilingan boʻlsa;
6) taraflar oʻrtasida ushbu nizoni hal qilish uchun hakamlik sudiga topshirish haqida hakamlik bitimi tuzilgan boʻlsa;
7) ish boʻyicha taraflardan biri boʻlgan fuqaroning vafotidan soʻng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa.
