82-modda. Xoʻjalik sudining ish yuritishni toʻxtatib turish majburiyati
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi quyidagi hollarda ish yuritishni toʻxtatib turishga majbur:
1) ishni konstitutsiyaviy, fuqaroviy, jinoyat yoki maʼmuriy sud ishlarini yuritish tartibida koʻrilayotgan boshqa ish yoki masala yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar koʻrish mumkin boʻlmaganda;
2) javobgar fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismida boʻlgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harakatdagi qismida boʻlgan daʼvogar fuqaro tegishli iltimosnoma bilan murojaat qilganda;
3) fuqaro vafot etganda, agar nizoli huquqiy munosabatlar huquqiy vorislikka yoʻl qoʻysa;
4) fuqaro muomala layoqatini yoʻqotganda.
Xoʻjalik sudi qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham ish yuritishni toʻxtatib turadi.
