72-modda. Dalillarni taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Zarur dalillarni keyinchalik taqdim etish mumkin boʻlmay qoladi yoki qiyinlashadi deb xavotirlanish uchun asosi boʻlgan shaxslar ishni yuritishga qabul qilgan xoʻjalik sudidan shu dalillarni taʼminlashni iltimos qilishi mumkin.
Dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizada taʼminlanishi zarur boʻlgan dalillar, tasdiqlash uchun bu dalillar zarur boʻlgan holatlar, ularni taʼminlash toʻgʻrisida arizachini iltimos bilan murojaat qilishga undagan sabablar koʻrsatilishi kerak.
Dalillarni taʼminlash yoki iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Xoʻjalik sudining dalillarni taʼminlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan shikoyat qilish mumkin.
