69-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tekshirishlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada: ekspertiza oʻtkazilgan sana va joy; ekspertizani oʻtkazish asosi; ekspertizani tayinlagan sudya toʻgʻrisida maʼlumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani oʻtkazish topshirilgan tashkilot haqida maʼlumotlar; ekspertning bila turib notoʻgʻri xulosa berganligi, xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qoʻyilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqida maʼlumotlar; qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda tekshirishlarning mazmuni va natijalari, shuningdek bu tekshirishlar, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, kim tomonidan oʻtkazilganligi; tekshirish natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan va ekspertning tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar koʻrsatilishi lozim.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tekshirishning olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan xoʻjalik sudining talabiga binoan ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi tekshirish davomida maʼlum boʻlib qolsa, xulosa ayrim qoʻyilgan savollarga javob berishni rad etish asosini oʻz ichiga olgan boʻlishi lozim.
Tekshirish tugaganidan soʻng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan xoʻjalik sudiga yuboriladi.
Xulosa xoʻjalik sudining majlisida tekshiriladi hamda boshqa dalillar bilan bir qatorda baholanadi.
