62-modda. Yozma dalillar
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar, shartnomalar, maʼlumotnomalar, amaliy yozishmalar, shu jumladan, faksimil, elektron yoki boshqa aloqa vositasida yoxud hujjatning toʻgʻriligini aniqlash imkonini beruvchi boshqa usulda olingan oʻzga hujjatlar va materiallar yozma dalillar hisoblanadi.
Yozma dalillar asl nusxada yoki tegishlicha tasdiqlangan nusxa shaklida taqdim etiladi. Agar koʻrilayotgan ishga hujjatning faqat bir qismi aloqador boʻlsa, uning tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi.
Ish holatlari qonun hujjatlariga muvofiq hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim boʻlsa, shuningdek boshqa zarur hollarda xoʻjalik sudining talabi bilan ularning asl nusxalari taqdim etiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxs tomonidan xoʻjalik sudiga topshirilgan yozma dalillarning nusxalari xoʻjalik sudi tomonidan ishda ishtirok etuvchi, qoʻlida shunday nusxalar boʻlmagan boshqa shaxslarga yuboriladi (beriladi).
