40-modda. Daʼvoning asosi yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablari miqdorini oʻzgartirish, daʼvodan voz kechish, daʼvoni tan olish, kelishuv bitimi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Daʼvogar xoʻjalik nizosi boʻyicha hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar daʼvoning asosi yoki predmetini oʻzgartirish, daʼvo talablarining miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, yoxud daʼvodan voz kechishga haqli.
Javobgar daʼvoni qisman yoki toʻla tan olishi mumkin.
Taraflar har qanday instansiyada ishni kelishuv bitimi bilan tamomlashlari mumkin.
Agar daʼvogarning daʼvodan voz kechishi, javobgarning daʼvoni tan olishi va taraflarning kelishuv bitimi qonun hujjatlariga xilof boʻlsa yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzsa, xoʻjalik sudi daʼvodan voz kechishni, daʼvo talablari miqdorini kamaytirishni, daʼvoni tan olishni qabul qilmaydi, kelishuv bitimini tasdiqlamaydi. Bunday hollarda xoʻjalik sudi ishni mazmunan koʻradi.
