33-modda. Ishni bir xoʻjalik sudidan boshqasiga oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi tomonidan sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda qabul qilib olingan ish, garchi keyinchalik boshqa xoʻjalik sudining sudloviga tegishli boʻlib qolsa-da, avvalgi xoʻjalik sudi tomonidan mazmunan koʻrilishi lozim.
Xoʻjalik sudi ishni boshqa xoʻjalik sudiga quyidagi hollarda oʻtkazadi:
1) agar ish sudlovga tegishlilik qoidasini buzib qabul qilinganligi shu sudda ishni koʻrish vaqtida maʼlum boʻlsa;
2) agar bir yoki bir necha sudyalar rad qilinganidan keyin ularni ushbu sudda almashtirish mumkin boʻlmay qolsa, shuningdek ishni ushbu sudda koʻrish mumkin boʻlmay qolgan boshqa hollarda.
Ishni boshqa xoʻjalik sudida koʻrishga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
Bir suddan boshqa sudga yuborilgan ish u yuborilgan sudda koʻrish uchun qabul qilib olinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlari oʻrtasida sudlovga tegishlilik toʻgʻrisida nizolarga yoʻl qoʻyilmaydi.
