223-modda. Chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik sudlarining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik sudlari chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni, basharti javobgar tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan, fuqaro esa shu hududda yashash joyiga ega boʻlsa, koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik sudlari chet ellik shaxslar ishtirokidagi ishlarni quyidagi hollarda ham koʻrishga haqli:
1) chet ellik shaxsning filiali yoki vakolatxonasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan boʻlsa;
2) javobgar Oʻzbekiston Respublikasi hududida mol-mulkka ega boʻlsa;
3) daʼvo Oʻzbekiston Respublikasi hududida ijro etilishi lozim boʻlgan yoki ijro etilgan shartnomadan kelib chiqsa;
4) mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha zararni qoplash toʻgʻrisidagi talabni qoʻyishga asos boʻlib xizmat qilgan harakat yoki boshqa holat Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan boʻlsa;
5) daʼvo Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi asossiz boyishdan kelib chiqsa;
6) shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi ish boʻyicha daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasida turgan boʻlsa;
7) bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi tashkiloti yoki fuqarosi bilan chet ellik shaxs oʻrtasida kelishuv mavjud boʻlsa.
Binolarga, inshootlarga, yer uchastkalariga nisbatan mulk huquqini tan olish, binolar, inshootlar, yer uchastkalarini oʻzganing qonunsiz egaligidan talab qilib olish, mulkdorning yoki qonuniy egalik qiluvchining huquqlari buzilishini bartaraf etish bilan bogʻliq ishlar, basharti egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa, bino, inshoot, yer uchastkasi joylashgan joyda koʻriladi.
Yoʻlovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasidan kelib chiqadigan tashuvchilarga daʼvolar boʻyicha ishlar, shu jumladan tashuvchi javobgarlardan biri boʻlganda ham, transport tashkilotining organi joylashgan joyda koʻriladi.
Xoʻjalik sudi tomonidan ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda koʻrish uchun qabul qilingan ish, garchi ish yuritish davomida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning turgan joyi oʻzgarishi yoki boshqa holatlar tufayli boshqa davlat sudining sudloviga oʻtsada, mazmunan hal qilinaveradi.
