217-modda. Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Xoʻjalik sudi undiruvchi, qarzdor yoki davlat ijrochisining arizasiga koʻra sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etishga, ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirishga haqli.
Xoʻjalik sudi qarzdorga hujjatni kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib ijro etish imkonini berar ekan, ushbu Kodeksning 7-bobida nazarda tutilgan tartibda sud hujjatining ijro etilishini taʼminlash choralarini koʻrishi mumkin.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish uni ijro etish usulini va tartibini oʻzgartirish masalalari xoʻjalik sudining majlisida, undiruvchi va qarzdor ushbu Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilingan holda koʻriladi. Biroq, ularning hozir boʻlmasligi arizani koʻrib chiqishga toʻsqinlik qilmaydi.
Sud hujjatining ijrosini kechiktirish yoki uni boʻlib-boʻlib ijro etish, ijro etish usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza u berilgan kundan eʼtiboran yigirma kunlik muddat ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ajrim chiqarilib, u undiruvchi hamda qarzdorga, shuningdek sud hujjatini ijro etish davlat ijrochisining ish yurituvida boʻlsa, davlat ijrochisiga yuboriladi.
Ajrim ustidan shikoyat qilish (protest keltirish) mumkin.
