212-modda. Ijro varaqasining mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Ijro varaqasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) ijro varaqasini bergan xoʻjalik sudining nomi;
2) ijro varaqasi berilgan ish va uning tartib raqami;
3) ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjati qabul qilingan sana;
4) undiruvchining va qarzdorning nomi, ularning manzillari;
5) sud hujjatining xulosa qismi;
6) sud hujjati qonuniy kuchga kirgan sana;
7) ijro varaqasi berilgan sana va uning amal qilish muddati.
Agar xoʻjalik sudi tomonidan ijro varaqasi berilguncha sud hujjatini ijro etishni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etishga ruxsat berilgan boʻlsa, unda ijro varaqasining muddati qachondan oʻta boshlashi koʻrsatiladi.
Ijro varaqasini sudya imzolaydi va u xoʻjalik sudining gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
