210-modda. Ijro varaqasi
Oʻzbekiston Respublikasining Xoʻjalik protsessual kodeksi · Sana: 30.08.1997 · Amalda
Sud hujjatini majburiy ijro etish shu hujjatni qabul qilgan xoʻjalik sudi tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.
Ijro varaqasi undiruvchiga sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan keyin beriladi. Soliqlar va budjetga boshqa majburiy toʻlovlarni undirishga qaratilgan ijro varaqasi davlat soliq xizmati organiga, budjetga oʻzga mablagʻlarni undirishga qaratilgan ijro varaqasi esa, qarzdor turadigan joydagi davlat ijrochisiga yuboriladi.
Ijro varaqasi sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali yuborilishi mumkin.
Pul mablagʻlarini undirish uchun ijro varaqasi undiruvchi tomonidan bankka yoki boshqa kredit muassasasiga, boshqa hollarda esa davlat ijrochisiga yuboriladi.
